Jahon | 15:44 / 04.12.2020
8992
3 daqiqa o‘qiladi

Time jurnali 15 yoshli ixtirochini «yil bolasi» deb topdi

Time jurnali o‘z tarixida birinchi marta «Yil bolasi»ni tanlab oldi. Bu yo‘nalish ekofaol Greta Tunberg sharofati bilan yuzaga kelgan: u 2019 yilda jurnal tomonidan «Yil odami» deya e'tirof etilgan birinchi o‘smirga aylangan edi. Time uning tengdoshlari va undan kichik bo‘lganlar uchun ataylab yangi yo‘nalishni joriy etishga qaror qildi.

Time/PA

Denverlik Gitanjali Rao bir necha sohalarda, shu jumladan, ichimlik suvini topishda yordam beruvchi qurilma, kiber-bezorilikni sun'iy ong yordamida aniqlovchi mobil ilova ixtiro qilib, jamoatchilik nazariga tushgandi.

Gitanjalining aytishicha, u boshqalarni dunyo miqyosidagi muammolarga yechim topa olishga ilhomlantirishni istaydi. Gitanjali 5000 nafar amerikalik bolalar orasidan 5 finalchi tanlab olingan tanlov g‘olibi bo‘ldi.

U va qolgan to‘rt finalchiga juma kuni TV orqali mukofotlar topshiriladi. Aktrisa va gumanist Anjyelina Joli bilan suhbatda Rao shunday deydi: «Men siz ko‘rgan olimlarga o‘xshamayman. TVda men ko‘rib o‘rgangan olimlar odatda keksa oq tanli erkak bo‘ladi. Maqsadlarim o‘zgardi. Endi men nafaqat muammolarga yechim topish, balki odamlarni ilhomlantirishni ham istayman. Tajribamdan kelib chiqqan holda o‘zingga o‘xshagan odam yo‘qligini ko‘rish osonmas. Binobarin, men shuni qila oldimmi, siz ham qila olasiz, har kim qila oladi, demoqchiman».

Time jurnali 1927 yildan «yilning faxrli insoni»ni aniqlashni yo‘lga qo‘ygan. Keyinchalik u «yil odami»ga o‘zgardi. Mana endi «yil bolasi» nominatsiyasi ham joriy qilindi.

O‘tgan yili Greta Tungberg 16 yoshida «yil odami» bo‘lgan eng yosh laureat bo‘lgandi.

Mavzuga oid