Sport | 18:02 / 05.12.2020
2404
5 daqiqa o‘qiladi

6 dekabr kuni Olimpiya o‘yinlari uchun reyting ochkolari beriladigan II Toshkent xalqaro marafoni boshlanadi

Shu yil 6 dekabr kuni Toshkentda yilning orziqib kutilgan sport voqeligi – II Toshkent xalqaro marafoni bo‘lib o‘tadi.

Ushbu tadbir dastlab «Navro‘z» bayramiga bag‘ishlab 22 mart kuni o‘tkazilishi rejalashtirilgan edi, biroq koronavirus pandemiyasi sabab shu yilning dekabr oyiga ko‘chirildi.

Bu safargi musobaqada ishtirokchilar taklif etilgan uchta masofadan birini tanlashlari mumkin: 42 195 metr (to‘liq marafon) va 21 097,5 metr (yarim marafon) – oflayn rejimda, 3 000 metr – onlayn rejimda bo‘lib o‘tadi.

Marafon va yarimmarafon trassasi AIMS Xalqaro marafon va yugurish assotsiatsiyasi tomonidan sertifikatlangan. AIMS – World Athletics Xalqaro yengil atletika federatsiyalari uyushmasining a'zosi hisoblanadi.

II Toshkent xalqaro marafonining litsenziyalangan trassasi yengil atletika sportchilariga 2021 yilda Tokioda bo‘lib o‘tadigan Olimpiya o‘yinlarida ishtirok etish uchun litsenziya olish yoki qimmatli reyting ochkolarini qo‘lga kiritish imkonini beradi.

II Toshkent xalqaro marafonining umumiy mukofot jamg‘armasi oflayn rejimda 180 million so‘mni tashkil qiladi. G‘oliblar medal va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlanadi.

To‘liq ro‘yxatdan o‘tganlar elektron chip o‘rnatilgan individual nomerli «ishtirokchi paketi»ga ega bo‘ladi, bu masofani bosib o‘tish vaqtini onlayn rejimda qayd etish va har bir ishtirokchiga o‘z natijasini kuzatib borish imkonini beradi.

Marafon doirasida to‘liq masofani bosib o‘tish uchun – 3 soat va 15 daqiqa, yarim masofani bosib o‘tish uchun esa 1 soat 30 daqiqa cheklov o‘rnatilgan. 

21 kilometr masofani belgilangan vaqt ichida bosib o‘ta olmaydigan marafon ishtirokchilari yarimmarafon finishiga yo‘llanadi. Bu ishtirokchilarning natijalari yarimmarafonning yakuniy bayonnomasiga kiritiladi.

Marafon va yarimmarafonda 18 yosh va undan kattalar qatnashishi mumkin. «Ishtirokchi paketi»ni olishda uzoq masofalarga yugurishga to‘sqinlik qiladigan kasalliklar yo‘qligi to‘g‘risida ma'lumotnoma taqdim etilishi shart.

Yugurishning boshlanish nuqtasi – Afrosiyob ko‘chasida, “Humo Arena” muz saroyi yonida. Ishtirokchilar soat 10:00 ga taklif qilinadi, marafonga esa soat 11:00 da start beriladi.

Ma'lumot uchun: ishtirokchilar tomonidan 22 mart sanasiga olingan slotlar 2020 yilning 6 dekabridagi marafonda haqiqiy hisoblanadi. Ro‘yxatdan o‘tgan shaxs dekabrdagi marafonda ishtirok eta olmagan taqdirda, uning registratsiyasi 2021 yilning mart oyiga – III Toshkent Xalqaro marafoniga ko‘chiriladi.

Qisqa masofalar haqida ma'lumot:

  • Bundan avval 1,5 km va 3 km masofa uchun (oflayn rejimda) qo‘lga kiritilgan slotlar 2021 yil mart oyida o‘tkaziladigan III Toshkent Xalqaro marafoni uchun haqiqiy hisoblanadi.
  • Qishki yugurish musobaqalarida 1,5 km va 3 km masofada ishtirok etishni istaganlar bepul ro‘yxatdan o‘tib, 6 dekabrdagi onlayn yugurishda qatnashishi mumkin. Ishtirokchi qayerda bo‘lishidan qat'i nazar unda qatnashish uchun imkoniyat bo‘ladi.

Mazkur sport musobaqasi O‘zbekiston Yengil atletika federatsiyasi tomonidan O‘zbekiston Triatlon federatsiyasi bilan hamkorlikda Jismoniy tarbiya va sport vazirligi, Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi, Milliy Olimpiya qo‘mitasi hamda Markaziy Osiyo yengil atletika assotsiatsiyasining qo‘llab-quvvatlashi ostida tashkil etilmoqda.

Tashkiliy qo‘mita huquqni muhofaza qilish organlari bilan birgalikda marafonning to‘liq sanitar xizmatlar nazorati ostida xavfsiz o‘tishini ta'minlaydi. Tadbirni o‘tkazish vaqtida tomoshabinlar, ishtirokchilar, hakamlar, ko‘ngillilar va texnik guruhlar tomonidan epidemiologik xavfsizlikning barcha qoidalariga so‘zsiz rioya qilinadi.

Jismoniy tarbiya va sport vazirligi Matbuot xizmati

Жамшид Рузибаев
Tayyorlagan Жамшид Рузибаев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid