O‘zbekiston | 12:49 / 05.12.2020
50343
2 daqiqa o‘qiladi

Tanzila Norboyeva jinsiy tarbiya darslari o‘tilishi haqidagi gaplariga izoh berdi

O‘zbekistonda ajrimlarning 15 foizi bepushtlik oqibatida sodir bo‘lmoqda.

Foto: Oliy Majlis Senati axborot xizmati

Oliy Majlis Senati raisi Tanzila Norboyeva ta'lim muassasalarida jinsiy tarbiya darslari o‘tilishi haqidagi gaplariga izoh berdi, deya xabar qilmoqda Kun.uz muxbiri.

Men jinsiy tarbiya haqida gapirganimda bloger va jurnalistlarimiz mutlaqo noto‘g‘ri tushunishdi. Jinsiy tarbiya zarurati haqida gapirganimga sabab, qizlarni ginekologga, o‘g‘il bolalarni urologga olib borib tekshirtirish, shamollash asoratlarining oldini olish mumkin. Yoshligidan sog‘ligiga qaraydigan bo‘lsak, bepushtlikning oldini olsa bo‘ladi.

O‘zbekistonda ajrimlarning 15 foizi bepushtlik oqibatida bo‘lyapti. Bunda nafaqat ayollarning, balki erkaklarning ham bepushtligi bor. Erkaklar shifokorga borishga uyaladi. Ikkinchi, uchinchi ayolga ham uylanadi. Lekin bolasi bo‘lmaydi. Ayb o‘zida, ammo davolanishni istamaydi. Shunday stereotiplar bilan kurashishimiz kerak”, – dedi Norboyeva Odam savdosi va majburiy mehnatga qarshi kurashish milliy komissiyasining 4 dekabr kuni o‘tkazilgan yig‘ilishida.

Bildirilishicha, O‘zbekistonda odam savdosi jinoyatlarida chaqaloq savdosining ulushi ortgan. Chaqaloq sotib oluvchi shaxslar bilan o‘tkazilgan suhbat natijalariga ko‘ra, ular bu ishga farzandi bo‘lmagani, oilasini saqlab qolish chorasi sifatida qo‘l urishi hamda bola o‘z aqlini tanib olmasdan, kichikligida asrab olishi kerakligi haqidagi vajni keltiradi.

Avvalroq, Tanzila Norboyeva bolalar bog‘chasidan tortib, to oliy ta'limgacha jinsiy tarbiyadan ta'lim berilishi zarurligi haqida gapirgan va bu ijtimoiy tarmoqlarda muhokamalarga sabab bo‘lgan edi.

Mavzuga oid