Muhtaram vatandoshlar!

Sizlarni ulug‘ ayyom – O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganining 28 yillik bayrami bilan chin qalbimdan samimiy muborakbod etib, barchangizga o‘zimning yuksak hurmat-ehtiromim va ezgu tilaklarimni bildiraman.

Qadrli do‘stlar!

Dunyo miqyosida avj olgan koronavirus pandemiyasi tufayli bu yil Konstitutsiya kuniga bag‘ishlangan tantanali marosimlarni keng miqyosda o‘tkazishning, afsuski, imkoni bo‘lmayapti. Lekin, shunga qaramasdan, bu bayramning ruhi va shukuhi qalblarimizda, yuraklarimizda davom etmoqda. Bu ayyom yurtimizning mehnat jamoalari, ta'lim maskanlari, mahallalarda shod-u xurramlik bilan nishonlanmoqda.

Konstitutsiyamizning qoida va tamoyillaridan kelib chiqib, biz bundan to‘rt yil oldin Harakatlar strategiyasini qabul qildik hamda keng ko‘lamli va shiddatli demokratik islohotlarni boshladik. Ularning huquqiy asosini Konstitutsiyamizga 7 marta kiritilgan o‘zgartirishlar, qabul qilingan 5ta kodeks va 250ga yaqin qonunlar tashkil etmoqda.

O‘tgan qisqa davrda jamiyatimizning siyosiy-huquqiy va ijtimoiy-iqtisodiy qiyofasi, odamlarimizning dunyoqarashi butunlay o‘zgargani, har bir yurtdoshimiz mamlakatimizning taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shayotgani Bosh qomusimizning hayotbaxsh qudrati va ulkan salohiyatidan dalolat beradi.

Ana shu ulkan salohiyatga tayanib, xalqimiz bugungi kunda murakkab sinovlarni mardona yengib, yurtimizda erkin, obod va farovon hayot – yangi O‘zbekistonni barpo etish yo‘lida fidokorona mehnat qilmoqda.

«Yangi O‘zbekiston» degan ibora xalqaro maydonda nafaqat yangi tushuncha, balki real ijtimoiy hodisa sifatida qabul qilinmoqda.

Konstitutsiyamiz yaratib bergan ulkan huquqiy imkoniyatlarning samarasi bo‘lgan bunday yutuq va natijalar barchamizga albatta yuksak g‘urur va iftixor bag‘ishlaydi.

Hurmatli yurtdoshlar!

«Xalq davlat hokimiyatining birdan-bir manbaidir» degan konstitutsiyaviy norma asosida mamlakatimizda xalq davlat organlariga emas, davlat organlari xalqqa xizmat qiladigan, Konstitutsiya va qonun ustun bo‘lgan samarali va barqaror tizim shakllanmoqda.

Ana shunday konstitutsiyaviy poydevorga asoslangan ushbu tizim dunyo shiddat bilan o‘zgarib borayotgan hozirgi murakkab vaziyatda turli tahdid va sinovlar, jumladan, global pandemiyaga qarshi kurashda, Buxoro va Sirdaryo viloyatlarida yuz bergan tabiiy va texnogen ofatlarning oqibatlarini bartaraf etishda o‘zini to‘la oqladi.