Texnika taraqqiy etgani sayin insoniyat o‘zi uchun murakkab vazifalarni texnologiyalar yordamida bajarishga odatlanib bormoqda. «Inson omilisiz» atamasi ham lug‘atdagi oddiy so‘zga aylanib bo‘ldi. Bunda albatta turli texnologiyalar va robotlar muhim o‘rin tutadi.

Hozir O‘zbekistonda ham robotlar yasash va ularni dasturlashni o‘rganayotgan bolalar soni ko‘payib bormoqda. Shunday bolalardan bir guruhi Olmazor tumanidagi 233-maktabda faoliyat yurituvchi «Barkamol avlod» bolalar markazida shug‘ullanishadi.

Yana bir guruhi esa Yunusobod tumanida, AKTga ixtisoslashtirilgan 9-maktabda, o‘zi ham hali Benkov nomidagi respublika ixtisoslashtirilgan rassomchilik maktabida o‘qiyotgan Sitora Ismoilovadan dars olishadi.

Bolalar yasagan robotlardan biri raqsga tusha olsa, biri yo‘llarda tirbandlik yuzaga kelganda «Tez tibbiy yordam» ko‘rsatishni taklif qiladi. Yana bir loyiha esa pochta jo‘natmalarini yuborilishi kerak bo‘lgan hududlarga qarab saralab beradi.

«Robototexnikani o‘rgana boshlaganimga 3 oy bo‘ldi. Men birinchi yasagan robot boshqa robotlar bilan kimo‘zarga musobaqalashadigan robot edi», – deydi o‘quvchilardan biri Amir Ismoilov.

«Bu yerda o‘zim xohlagan biror narsalarni yasay olishim o‘zimga yoqadi. Robototexnikadan tashqari 3 yildan beri dasturlashni ham o‘rganyapman», – deydi boshqa bir o‘quvchi Mirodil Abdunazarov.

Ularga robototexnika asoslarini o‘rgatayotgan Sitora Ismoilova robot yasash uchun bolada qanday xususiyatlar bo‘lishi kerakligi haqida gapirib berdi.

«Robototexnika bilan shug‘ullanish uchun birinchi navbatda mantiq kerak. Ya'ni hamma dasturiy qurilmalar mantiqiy topshiriq atrofida quriladi. Agar mantiq bo‘lmasa, demak, robototexnika ham yo‘q. Bu shunday yo‘nalishki, doim o‘ylashga majbur bo‘lasiz.