Xorazm viloyati, Urganch tumani, «Oqariqlar» mahallasi hududidagi 1 gektar yerda uy-joylar qurilishi boshlandi. Hokimlik bu yerni fuqaroga «yengil tipdagi konstruksiyali issiqxona» uchun ajratgan edi.

Nima voqea yuz berdi?
2020 yil 11 may kuni Urganch tumani hokimligi tomonidan Shohnurbek Davletovga «Yengil tipdagi issiqxona» qurish uchun yer maydoni ajratish haqida 1307q-sonli qaror qabul qilindi. Uni tuman hokimi Frunze Sharipov imzolagan.
Qarorda J.Manguberdi massivi qishloq xo‘jaligi yer xaritasining 466q va 468q konturlaridan 43 bonitet ballga ega 1 gektar yer maydoni doimiy foydalanish uchun Shohnurbek Davletovga ajratilgani, fuqaro yer maydonida issiqxona tashkil qilib, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirishi shartligi, bu joyda zinhor qurilish qilmasligi belgilab qo‘yilgan.
Biroq ayni paytda bu hududda noqonuniy uy-joy qurish ishlari jadal olib borilmoqda. Shu yerda ishlayotgan ustalarning so‘zlariga ko‘ra, 2021 yil boshiga qadar barcha ishlar yakuniga yetkaziladi.

Yer ajratilishida Yer kodeksiga amal qilinmagan
«Oqariqlar» mahallasidagi bu yerlardan so‘nggi 20 yil davomida 146 oila tomorqa sifatida foydalanib, qo‘shimcha daromad olib kelayotgan edi. Ammo shu yilning bahorida yerlar davlat zaxirasiga qaytarib olindi va turli maqsadlarda boshqa shaxslarga ajratib berildi. Yer kodeksiga ko‘ra, bu jarayonni amalga oshirishda tomorqa yer egalarining roziligi olinishi lozim.
Tomorqasi olinganlar orasida shu mahallada yashovchi Abdurahmon Xusinov ham bor. Uning tomorqasi Shohnurbek Davletovga ajratib berilgan yerda joylashgan edi.
«Tomorqa yerimda qurilish ishlari boshlab yuborildi. Shundagina yer boshqa shaxsga ajratib berilganini bildim. Hozir u yerda uy-joylar qurilmoqda va aholiga taklif qilinmoqda. Tomorqadan 20 yil davomida foydalanganman, barcha soliqlarni to‘laganman», — deydi u.
Urganch tumani yer resurslari va davlat kadastri bergan ma'lumotga ko‘ra, yer maydonini Shohnurbek Davletovga ajratib berish jarayonida fuqaro Abdurahmon Xusinovning roziligi olinmagan.
Vaholanki, Yer kodeksining 23-moddasida egalikdagi, foydalanishdagi, ijaradagi va mulk qilib berilgan yer uchastkasini boshqa shaxslarga berish (realizatsiya qilish) faqat shu uchastka belgilangan tartibda olib qo‘yilganidan (sotib olinganidan) keyin amalga oshiriladi.


















