Kun.uz`ga navbatdagi murojaat Qamashi tumanidan bo‘ldi. Unda, tuman markazidagi «Fayz dehqon bozori»da savdo qilayotgan tadbirkorlar bozorda chiroq yo‘qligi uchun turli muammolarga duch kelayotgani haqida ma'lum qilingan. Murojaatni o‘qib, avvaliga bozorda chiroq yo‘qligini so‘nggi paytlarda havo sovib ko‘p joylarda elektr uzatish cheklanayotganiga yo‘ydik. Ammo tadbirkorlar bilan bog‘langanimizda vaziyat tamomila boshqacha ekani oydinlashdi.

Tadbirkorlarning ma'lum qilishicha, ular «Fayz dehqon bozori»da anchadan beri elektr ta'minoti masalasida muammolarga duch kelyapti. Chiroq bir kun berilsa, uch kunlab o‘chirib qo‘yiladi. Bu yerda faoliyat ko‘rsatayotgan tadbirkorlar tuman hududiy elektr tarmoqlari korxonasi bilan alohida shartnoma tuzmagan. Tuman HETK bilan bozor ma'muriyati shartnoma tuzgan. Har bir do‘konda o‘rnatilgan elektr hisoblagichlardan tashqari, tuman HETK tomonidan bozor hududidagi nimstansiyaga ham hisoblagich o‘rnatilgan. Ana shu hisoblagich bo‘yicha 18 million so‘mdan oshiq qarzdorlik yig‘ilib qolgani uchun tuman HETK bozorga chiroq bermayapti.

Bozorda ikki-uch kunlab chiroq o‘chirilganda, ayniqsa oziq-ovqat mahsulotlarini sotadigan tadbirkorlar chorasiz qolyapti va dvijoklardan foydalanyapti. Bu holat tashqarida savdo qilayotganlarga noqulaylik tug‘dirib, ba'zan o‘rtada mojaro ham keltirib chiqaryapti. «Chiroq bo‘lmaganda dvijok yoqyapmiz, uni do‘kon ichiga qo‘yib yoqib bo‘lmaydi. Tashqariga qo‘ysak, uning ovozi va tutuni boshqalarga xalaqit beryapti. Yoqmasak muzlatkichlarda tez ayniydigan mahsulotlarimiz iste'molga va sotishga yaroqsiz bo‘lib qolyapti», deyishdi tadbirkorlar.

Tadbirkorlarning aytishicha do‘konlarga o‘rnatilgan hisoblagichlar bo‘yicha ularning qarzi yo‘q. Har bir do‘kon oldindan pul to‘lab kelmoqda. Qolaversa, ayrim hollarda bozor ma'muriyati ulardan 1 kVt elektr energiyasi uchun belgilangan 450 so‘m o‘rniga 500, 550 so‘mdan pul yig‘gan paytlari ham bo‘lgan.
Tadbirkorlardan pulni bozor xodimi yig‘adi. Bundan tashqari tadbirkorlardan chiroq uchun pul yig‘ilayotganda hech qanday kvitansiya berilmaydi. Pul yig‘adigan xodim do‘kondagi hisoblagichdagi raqamlarni daftariga yozib qo‘yilgan avvalgi to‘lov bilan solishtirib ko‘radi va shunga qarab pul oladi.
Tadbirkorlar do‘konlarga o‘rnatilgan hisoblagich bo‘yicha pul to‘layapti. Qarzdorlik yo‘q. Unda shuncha qarzdorlik qayerdan kelib chiqyapti? Bu savolni avval tadbirkorlarga berdik. Ularning gumonicha, bozor ma'muriyati ulardan yig‘ilgan pullarni tuman HETK hisobiga vaqtida tushirmayapti. Shuning ortidan qarzdorlik tobora ko‘payib boryapti.






















