O‘zbekiston | 17:14 / 17.12.2020
4424
4 daqiqa o‘qiladi

“Navoiyda pandemiya davrida aholini qo‘llab-quvvatlashga 32 mlrd so‘m mablag‘ yo‘naltirilgan” - Navoiy viloyati hokimi

Foto: Namangan viloyat hokimligi matbuot xizmati

Bugun xalq deputatlari Navoiy viloyati kengashining navbatdagi sessiyasi bo‘lib o‘tdi. Unda 2020 yilgi ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish yakunlari hamda 2021 yilgi rejalar va ustuvor vazifalar yuzasidan viloyat hokimi Qobil Tursunovning murojaatnomasi tinglandi.

Hokimning ta'kidlashicha, pandemiya davrida viloyatda aholini qo‘llab-quvvatlash maqsadida jami 32 mlrd so‘mlik mablag‘lar yo‘naltirilgan. Jumladan, “Mehr va shafqat” jamg‘armasi hisobidan 4,5 mlrd so‘m, “Saxovat va ko‘mak” jamg‘armasi hisobidan 25,2 mlrd so‘m ajratilgan.

— Joriy yilda mahalliylashtirish dasturidagi loyihalarning amalga oshirilishi hisobiga 58 turdagi 227 mlrd so‘mlik import o‘rnini bosuvchi sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yildi. Natijada 22 mln dollar tejalishiga erishildi. Bundan tashqari, viloyatda energiya samarador texnologiyalarni joriy qilish bo‘yicha 3 trln 467,4 mlrd so‘mlik 90 ta loyiha amalga oshirildi. Ular tomonidan 2 trln 187 mlrd so‘mlik energiya tejovchi texnologiyalar olib kelindi. Buning hisobiga 242 mlrd so‘mlik elektr energiyasi va 305 mlrd so‘mlik tabiiy gaz iqtisod qilindi, — deya ta'kidladi Tursunov.

Murojaatnomada ma'lum qilinishicha, yakuniga yetayotgan yilda yangidan tashkil etilgan 3 997 ta kichik biznes sub'yekti hisobidan budjetga jami 6,8 mlrd so‘mdan ortiq tushum tushirilib, qo‘shimcha 5,1 mingga yaqin yangi ish o‘rni yaratilgan. Viloyatda joriy yil uchun 140,2 mln dollarlik mahsulotlar eksporti rejalashtirilgan bo‘lib, amalda bu ko‘rsatkich 126 mln dollarga bajarilgan. Qurilish sohasida hududda 745 mlrd so‘mlik ish bajarilgan.

Qobil Tursunov 2021 yilda amalga oshirilishi kutilayotgan vazifalar xususida ham to‘xtalib o‘tdi.

“2021 yilda 26 trln so‘mlik 26 955 ta loyihaning amalga oshirilishi hisobiga 62 430 ta yangi ish o‘rinlari yaratilishi ko‘zda tutilgan. Shuningdek, jami sanoat mahsulotlari hajmini 74 trln 970 mlrd so‘mga, hududiy sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish hajmini esa 6 trln 546 mlrd so‘mga yetkazishni maqsad qilib olganmiz. Qishloq xo‘jaligi yo‘nalishida 6 trln 893 mlrd so‘mlik 25 104 ta loyihani amalga oshirish hisobiga 44 803 ta yangi ish o‘rinlari tashkil etiladi. Jumladan, 14 590 gektar qishloq xo‘jaligi yer maydonlarida 490 ta suv tejovchi texnologiyalarni tashkil etish loyihalari amalga oshiriladi. Chorvachilik yo‘nalishida 453 ta loyihada 64 744 bosh chorvachilik quvvatlari tashkil etiladi. Qorako‘lchilik xo‘jaliklarida 279 dona tik quduq qazish bo‘yicha 264 ta loyiha foydalanishga topshiriladi. Bundan tashqari, 12 474 gektar maydonda 386 ta tomchilatib sug‘orish loyihasi, 654 gektar maydonda 651 ta issiqxona, 2 950 gektar maydonda 2 ta moyli ekinlar ekishga mo‘ljallangan loyiha ishga tushiriladi. Eng muhimi, har bir shahar va tumanning ichki imkoniyat va xususiyatlari inobatga olinib, ularning o‘sish nuqtasi va iqtisodiyotning drayver sohalari belgilab olindi”, — deya ta'kidladi hokim.

Sessiya yakuniga yetgach viloyat, tuman va shahar hokimlari, mutasaddi rahbarlar ishtirokida jurnalistlar uchun matbuot anjumani o‘tkazildi.

Ruslan Saburov,
Kun.uz muxbiri.

Mavzuga oid