Qiş kelib, kunlar sovişi bilan is gazidan zaharlaniş holatlari köpayadi. 16 dekabr kuni prezident raisligida qiş mavsumiga tayyorgarlik masalasida ötgan videoselektor yiğilişida joriy yilning ötgan davrida is gazidan zaharlaniş oqibatida 106 kişi vafot etgani va 190 kişi zaharlangan hamda kuyiş tan jarohati olgani aytildi. Şu ma'lumotning öziyoq vaziyatga jiddiy yondaşiş kerakligini körsatadi. SSV matbuot xizmatining is gazidan zaharlaniş borasidagi savollariga Respublika şoşilinç tibbiy yordam ilmiy markazi direktori Doniyor Alimov javob berdi.
— Is gazining xavfliligi uning heç qanaqa hidga ega emasligida. Holsizlaniş sezmagunça gaz borligi töğrisida fikr yuritib bölmaydi, uning eng kam miqdori ham zaharlanişga olib kelişi mumkin, — deydi D.Alimov. — Şuning uçun ham uni «sezdirmasdan öldiruvçi» deb nomlaşadi. Is gazi hosil bölişining asosiy sababi – yoniş maydonida yetarli kislorod mavjud emasligida böladi. Çala yoniş vaqtida yoqilğining töliq yonişi natijasida umuman zararsiz hisoblangan karbonat angidrid hosil bölişi örniga is gazi paydo böladi.
— Is gazidan zaharlaniş qanday holatlarda yuzaga kelişi mumkin?
— Bu ofatning bir neça sabablari bor. Asosan:
- yonğin kuzatilayotgan vaqtda;
- işlab çiqarişda turli organik moddalarni sintezlaşda is gazidan foydalaniş jarayonida;
- yetarli havo aylanmaydigan şaroitlarda gazga moslaştirilgan moslamalarning havoni tortiş mexanizmi işdan çiqqanda yoki gazning yonişi uçun ventilyatsiya kanallariga havo yetarliça kirib turmasa;
- uy şaroitlarida tabiiy gaz quvurlaridan gazning sizib çiqişlari va peçli isitiş şaroitlarida peçlar qopqoği öz vaqtida yopilmaslik holatlarida.
Dunyo statistik ma'lumotlariga köra, is gazidan zaharlaniş tufayli ölim körsatkiçlari alkogoldan vafot etişdan söng ikkinçi örinni egallaydi. Masalan, AQŞda bir yilda örtaça 400 nafarga yaqin odam is gazidan ehtiyotsizlik sababli nobud böladi.
— Uşbu gazning odamga ta'sir qiliş mexanizmi haqida nima deya olasiz?
— U avvalo qonga kirib, gemoglobin hujayralarini zararlaydi. Tabiiyki, şundan söng gemoglobin kislorod taşiş qobiliyatini yöqotadi. Odam bu gazdan qança köp nafas olsa, uning qonida şunçalik kam gemoglobin qoladi va organizm ham kam kislorod oladi. Is gazidan zaharlanişdan söng gemoglobin hujayralarini tiklaş uçun köp vaqt talab etiladi.

















