«2021 yilda Xalqaro moliya institutlarining hisob-kitoblari va prognozlariga ko‘ra, pandemiyadan keyingi davrda jahon iqtisodiyoti asta-sekin tiklanishi prognoz qilinmoqda.
Xalqaro valuta jamg‘armasining oktabr oyidagi prognozlariga ko‘ra, 2021 yilda jahon iqtisodiyoti tiklanishi natijasida 5,2 foizga o‘sishi, xususan, rivojlangan davlatlar iqtisodiyoti 3,9 foizga, Rossiya iqtisodiyoti 2,8 foizga, Qozog‘iston iqtisodiyoti 3 foizga, Turkiya 5 foizga, Xitoy iqtisodiyoti 8,2 foizga o‘sishi prognoz qilinmoqda.
Umuman olganda, prognozlar juda noaniq va yuqori darajada epidemiologik vaziyatning rivojlanishiga bog‘liq bo‘lib qolmoqda.
Pandemiya sababli neft narxlari pasayishi energiya mahsulotlarini eksport qiluvchi davlatlarga salbiy ta'sir etishi kutilmoqda, biroq O‘zbekiston uchun oltin narxining ko‘tarilishi boshqa turdagi mahsulotlar narxining pasayishini qoplashga yordam berishi mumkin», dedi Timur Ishmetov Senatning o‘ninchi yalpi majlisida.
Vazirning so‘zlariga ko‘ra, iqtisodiy o‘sish ko‘rsatkichlari bir qator makro-fiskal xatarlar bilan bog‘liq.
- Jahon bozori kon'yunkturasi o‘zgarishi (O‘zbekistonning asosiy eksport tovarlari - oltin, gaz, mis, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari va boshqalarga bo‘lgan talabning o‘zgarishi);
- asosiy savdo hamkor davlatlar (Rossiya Federatsiyasi, Qozog‘iston, Xitoy) milliy valutalari kursi, jahon bozorida neft narxi o‘zgarishi;
- asosiy tashqi savdo hamkorlardagi iqtisodiy faollikning pasayishi hamda tiklanishlarning davomiyligi;
- pandemiya va zaruriy taqiq choralarining davomiyligi;
- pandemiya ta'sirida ishlab chiqarish zanjiri o‘z holatiga qaytishining davomiyligi;
- xarajatlar va tovarlarga talabning zaiflashishi va o‘z navbatida ushbu omillarning ishlab chiqarish va bandlikka ta'siri;
- pandemiya ta'sirida faoliyati to‘xtab qolgan korxonalar ishchilarining turli sektorlarda bandlikni ta'minlash imkoniyatlari, shuningdek, mehnat bozoridagi bosim;
- tashqi talab zaiflashgan hamda moliyaviy tanqislikdan kelib chiqadigan ikkilamchi chegaralararo ta'sirlar ko‘lami (masalan, daromadlarning keskin tushishi sababli qo‘shni mamlakatlararo savdo hajmlari kamayishi);
- global ta'minot zanjirini qayta tuzish bilan bog‘liq bo‘lgan o‘zgarishlar va bularning samaradorlikka salbiy ta'sir ko‘lami (ya'ni logistika zanjiridagi uzilishlar, transchegaraviy talablarning kuchayishi, sanitariya-epidemiologiya talablari kuchayishi, qo‘shimcha kutilmagan xarajatlar va logistika tizimidagi boshqa salbiy bosimlar);














