So‘nggi kunlarda ijtimoiy tarmoqlarda ism, familiya, ota ismini o‘zgartirish bilan bog‘liq bo‘lgan muhokamalar, davlat xizmatlari markazlariga bu borada murojaatlar ko‘paygan. Davlat xizmatlari agentligi ism-sharifni o‘zgartirish masalasi Oila kodeksi bilan tartibga solinishini eslatdi.

«Oila kodeksining 226-moddasida familiya, ism va ota ismini o‘zgartirish tartibi haqidagi qoidalar ifoda etilgan. Unga ko‘ra, fuqaroning familiya, ism va ota ismini o‘zgartirish to‘g‘risidagi arizasi o‘n olti yoshga to‘lgandan keyin o‘zi yashab turgan joydagi fuqarolik holati dalolatnomalarini yozish organi tomonidan ko‘rib chiqilishi, familiya, ism va ota ismini o‘zgartirish to‘g‘risidagi xulosa ichki ishlar organlari tomonidan ushbu shaxs tegishlicha tekshiruvdan o‘tkazilgandan keyingina tuzilishi mumkinligi, fuqarolik holati dalolatnomalarini yozish organining familiya, ism va ota ismini o‘zgartirishni rad etganligi ustidan sud tartibida shikoyat qilinishi mumkinligi belgilangan.

Ariza beruvchi 16 yoshga to‘lgach turar joydagi FHDYo organiga yuqoridagi masala yuzasidan ariza berishi mumkin», deya DXA axborot xizmati rahbari Sevara Zokirovaning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Ta'kidlanishicha, ism-familiya, ota ismini o‘zgartirish to‘g‘risidagi arizaga quyidagi hujjatlar ilova qilinadi:

  • ariza beruvchining tug‘ilganlik haqidagi guvohnomasi;
  • agar ariza beruvchi nikohda turgan bo‘lsa, u holda nikoh tuzilganligi haqidagi guvohnomasi, agar nikohdan ajratilgan bo‘lsa — nikohdan ajralganlik haqidagi guvohnomasi;
  • agar ariza beruvchining voyaga yetmagan bolalari bo‘lsa, u holda bolalarining tug‘ilganlik haqidagi guvohnomalari;
  • ariza beruvchining pasportidan yoki shaxsini tasdiqlovchi boshqa hujjatidan ko‘chirma;
  • agar ariza beruvchi voyaga yetmagan yoki sud qarori bilan muomalaga layoqatsiz deb topilgan bo‘lsa, u holda ota-onasining yoxud vasiy yoki homiyning arizasi;
  • 1 dona (3x4 o‘lchamli) fotosurat.

Familiya, ism, ota ismini o‘zgartirish to‘g‘risidagi arizalar FHDYo bo‘limlari tomonidan quyidagi hollarda ko‘rib chiqiladi:

  • «Davlat tili haqida»gi qonunining 15-moddasiga binoan;
  • sudning hal qiluv qarori asosida;
  • agar familiya va ism eshitilishda yoqimsiz bo‘lsa;
  • agar familiya va ism millatiga to‘g‘ri kelmasa;