Uning so‘zlariga ko‘ra, bugungi kunda O‘zbekistonda olib borilayotgan islohot va ochiqlik siyosatining asosiy maqsadlaridan biri — bu mamlakatning jahon iqtisodiyotiga integratsiyasidir.

«Kuzatuvchi davlat sifatida YeOII bilan hamkorlik O‘zbekistonga o‘zaro manfaatli bo‘lgan sohalarda muloqot va hamkorlikni kuchaytirishga yordam beradi», — dedi To‘rayev O‘zAga bergan intervyusida.

Bundan tashqari, ekspertning ta'kidlashicha, kuzatuvchi davlat sifatida YeOII bilan hamkorlik O‘zbekistonga qandaydir huquqiy majburiyatlar yuklamaydi. «Kuzatuvchi maqomi kelajakda davlatga ushbu tashkilotning to‘laqonli a'zosi bo‘lish majburiyatini yuklamaydi», dedi u.

«Mamlakatimizda olib borilayotgan islohotlar hozirgi bosqichini hisobga olgan holda, men Qonunchilik palatasining ushbu qarorini (YeOIIda kuzatuvchi maqomi to‘g‘risida — tah.) «oltin o‘rtalik» deb baholayman, sababi bu YeOIIga to‘laqonli a'zolikning ijobiy va salbiy tomonlarini ichkaridan har tomonlama o‘rganish uchun imkoniyat» , — dedi To‘rayev.

Eslatib o‘tamiz, 11 dekabr kuni O‘zbekiston tomonidan Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqida kuzatuvchi davlat maqomini olish qarori ittifoqqa a'zo davlatlar tomonidan qo‘llab-quvvatlandi.