Kun.uz’ga navbatdagi murojaat Qashqadaryo viloyati Muborak tumani Qarliq qishlog‘i «Yangiobod» mahalla fuqarolar yig‘inidan yo‘llandi. Unda yozilishicha, nafaqat mazkur mahalla, balki qishloqdagi boshqa mahallalar ahli bugun shundoqqina Muborak gazni qayta ishlash zavodi yonida tabiiy gazdan mosuvo holda yashamoqda.

«Yangiobod» MFY raisi Rustam Baratovning ma'lum qilishicha, Qarliq qishlog‘ida jami 26 mingdan oshiqroq aholi yashaydi. Qishloqda jami beshta MFY bor. «Yangiobod» MFY ana shu mahallalardan biri.

«Qishlog‘imiz Qashqadaryodagi eng yirik qishloqlardan biri hisoblanadi. Bu yerda 26 mingdan oshiq aholi yashaydi. Qishloq beshta «Yangiobod», «Bo‘ston», «Qarliq», «Paxtakor», «Barkamol avlod» MFYdan iborat.

Bizga 2013-2015 yillargacha tabiiy gaz berilgan. O‘sha yillarda gaz ta'minoti to‘xtatilgan. Shundan beri qishlog‘imizga tabiiy gaz ta'minoti qayta tiklanishi uchun harakat qilamiz, ammo hozircha sa'y-harakatlarimizning nafi bo‘lmayapti. Odamlar tabiiy gaz uzilgandan keyin kuz-qish mavsumida nima topsa o‘shani yoqib uy isitib kelmoqda.

Qishloq ahlining aksariyati Muborak gazni qayta ishlash zavodi va gaz qazib olish sohasida ishlaydi. Zavodning o‘zi ham bizga yaqin joyda joylashgan. Gazni qayta ishlaydigan shundoq katta zavodni yonida yashab gazning o‘zini ko‘rmaymiz, olti-yetti yildan beri faqat uning hidini hidlaymiz», deydi Rustam Baratov.

Mahalla raisi qishloqqa tabiiy gaz ta'minoti qayta tiklab berilishini so‘rab murojaat qilmagan joyi qolmaganini ma'lum qildi. Viloyat va tuman hokimligi, gaz boshqarmasi hamda bo‘limiga murojaat qilishgan. Ammo hozirgacha hech bir natija bo‘lmagan. Uning aytishicha, Qarliqda xonadonlarga tortilgan gaz quvurlari va gaz taqsimlash uskunalari (GRP-gazoregulyatornyy punkt) yaroqli holda turibdi. Faqat 3 kilometr uzoqlikda joylashgan gaz taqsimlash stansiyasidan qishloqqacha quvur tortib berilsa bo‘ldi, qishloq yana tabiiy gazga ulanadi.