O‘zbekiston | 10:11 / 25.12.2020
12610
2 daqiqa o‘qiladi

Toshkentdagi 5 ta bozorda narx-navo barqarorligini 15 nafar prokuratura xodimi nazorat qilmoqda

Bosh prokuror Nig‘matilla Yo‘ldoshev va Bosh prokuratura huzuridagi Departament boshlig‘i Dilshod Raximov Toshkent shahrining “Mirobod”, “Askiya”, “Chilonzor”, “Farhod” va “Eski jo‘va” dehqon bozorlarida bo‘lib mavjud ahvol bilan yaqindan tanishishdi.

Foto: Bosh prokuratura

Qayd etilgan bozorlarda, boshqa barcha hududlardagi kabi Yangi yil bayrami munosabati bilan arzonlashtirilgan bayram yarmarkalari tashkil etilgan.

Jumladan, o‘rganilgan 5 ta bozordagi narx-navoning barqarorligini ta'minlash uchun jami 15 nafar prokuratura va departament organlarining xodimlari biriktirilgan.

Yarmarkalarga Surxondaryo, Xorazm, Andijon, Farg‘ona, Qashqadaryo viloyatlarining 50 ta fermer va dehqonlari hamda qariyb 100 nafar ulgurji savdo hamda ishlab chiqarish korxonalari nomma-nom biriktirilib, ularga 350 ta rasta ajratilgan.

Ushbu dehqon bozorlarida hafta boshidan buyon 2586 tonna 30 xil turdagi oziq-ovqat mahsulotlari arzonlashtirilgan narxlarda sotilgan bo‘lib, 267 tonna go‘sht, 7 mln 600 ming donadan ortiq tuxum, 722 tonna kartoshka, 160 tonna shakar, 136 tonna guruch aholiga hamyonbop narxda yetkazib berilishi ta'minlangan.

Bundan tashqari, baliq, konserva, salqin va spirtli ichimliklar, sut mahsulotlari, mevalar, shu jumladan, sitruslar hamda turli shirinliklar savdosi ham yo‘lga qo‘yilgan.

Ichki iste'mol bozorida asosiy turdagi oziq-ovqat mahsulotlari narxining barqarorligi ta'minlanishi hamda belgilangan vazifalarni tizimli ravishda davom ettirish to‘g‘risida Bosh prokuror tomonidan mas'ullarga aniq ko‘rsatma va topshiriqlar berildi, deb xabar bermoqda Bosh prokuraturaning jamoatchilik bilan aloqalar va huquqiy axborot bo‘limi. 

Mavzuga oid