O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Botanika instituti direktori, akademik Komiljon Tojiboyev Kun.uz'ga bergan intervyusida ushbu noyob obekt haqida so‘zlab berdi.

— Dunyoda rasman ro‘yxatdan o‘tgan va o‘ziga logotip olgan 4 mingdan ortiq gerbariy bor. Shundan 3700 tasi katta gerbariy hisoblanadi. Shu 4000 ga yaqin gerbariy orasida O‘zbekiston milliy gerbariysi turlarining xilma-xilligi jihatdan yetakchi o‘ttiztalikka kiradi.

O‘zbekiston milliy gerbariysi Markaziy Osiyo hududidan yig‘ilgan gerbariylar bo‘yicha dunyoda 1-o‘rinda turadi. Shuning uchun bu yerga butun jahondan – Janubiy Amerika, Afrika, Yevropa, Osiyodan va qo‘shni mamlakatlardan kelishadi. Bir yilda 20dan ortiq delegatsiya bu yerda ilmiy izlanishlar olib boradi.

Xorijdan kelgan mutaxassislarning vaqti kam yoki moddiy jihatdan chegaralangan bo‘lishi mumkin, gerbariyda shunday mutaxassislarga to‘liq 24 soat ishlashi uchun ham imkoniyat yaratib beriladi. Yevropa, Osiyo, AQShdagi gerbariylarga borganimizda, bizga ham shunday imkoniyat yaratib beriladi.

Ko‘lami jihatdan bu gerbariy – Markaziy Osiyodagi eng katta botanika laboratoriyasi. 1980 yillarda butun O‘zbekiston bo‘ylab tarqalgan gerbariylar bir joyda jamlandi. Agar o‘sha paytda markazlashtirilib, namunalar bir joyga olib kelinmaganida, biz o‘ta noyob boylikni yo‘qotishimiz mumkin edi.

Hozir ko‘rib turganingiz sharoitga yetib kelguncha ozmuncha mehnat qilinmadi. 1,5 million nusxani bir joydan ikkinchi joyga ko‘chirish – deyarli imkonsiz ish. Dunyo amaliyotida bunday ish bo‘lmagan. Chunki gerbariy zaldan tashqariga chiqishi mumkin emas – o‘ziga xos sharoitda saqlanishi lozim. Bu yerda faoliyat yuritgan va yuritayotgan xodimlar o‘ziga yarasha jasorat ko‘rsatganlar.

Muzey ta'mirlanishidan avval ahvol yaxshi emasdi. Zal shiftidan chakka o‘tardi va ma'lumki, bu qog‘oz papkalarga ta'sir qilardi. Ana shunday sharoitlarda fidoyi xodimlar kechani kecha, kunduzni kunduz demay, taxlamlar ustiga klyonka yozib, gerbariyni shu holatda saqlanib qolishiga ulkan hissa qo‘shdilar.

«Yo‘qolib ketgan turlar ham bor»