01:00 / 28.12.2020
23694

Globe Soccer Awards: Levandovski – yil futbolchisi, Ronaldu – asr futbolchisi, «Real» – asr jamoasi

Foto: Globe Soccer Awards

BAAning Dubay shahrida an'anaviy Globe Soccer Awards mukofotlarini topshirish marosimi o‘tkazildi.

Unga ko‘ra, «Bavariya» hujumchisi polshalik Robert Levandovski 2020 yilning eng yaxshi futbolchisi deb topildi. Levandovski so‘rovnomada Lionel Messi va Krishtianu Ronalduni ortda qoldirdi. «Bavariya» murabbiyi Hans-Diter Flik «Liverpul» murabbiyi Yurgen Klopp va «Atalanta» ustozi Jan-Pero Gasperinini ortda qoldirib, 2020 yilning eng yaxshi murabbiyi deb topildi. «Bavariya» esa yilning eng yaxshi klubi bo‘ldi.

Ispaniya milliy jamoasi futbolchilari Iker Kasilyas va Jyerar Pike ajoyib faoliyati uchun maxsus mukofot bilan taqdirlandi. Kasilyas faoliyati davomida 3 marta YeChLda («Real» safida), bir marta jahon chempionati va ikki marta Yevropa chempionatida g‘olib bo‘lgan. Pike esa bitta Jahon Kubogi, ikkita Yevropa chempionligidan tashqari 4 marta YeChL bosh sovrinini («MYu» va «Barselona» safida) qo‘lga kiritgan.

Bu gal Dubayda noodatiy tarzda asrning eng yaxshi futbolchisi, jamoasi va murabbiyi ham aniqlandi. Yangi asrning ikkinchi dekadasi ortda qolayotgani sabab Globe Soccer Awards tashkilotchilari shunday qarorga kelishdi. Turinning «Yuventus» klubi hujumchisi Krishtianu Ronaldu XXI asrning eng yaxshi futbolchisi deb topildi. Madridning «Real» klubi «asr jamoasi» deb e'tirof etildi. «Qirollik klubi» XXI asrning o‘tgan 20 yili ichida 5 bor Yevropa Chempionlar Ligasida g‘olib bo‘ldi. «Manchester Siti» murabbiyi Xosep Gvardiola esa Zinedin Zidan, Joze Mourino va Aleks Fergyusonni ortda qoldirib, asrning eng yaxshi murabbiyi bo‘ldi. 

Globe Soccer Awards taqdirlash marosimi 2010 yildan buyon Dubayda o‘tkaziladi. Har yili tashkilotchilar yangi-yangi nominatsiyalar qo‘shib kelishadi. 2010 yil eng yaxshi futbolchi aniqlanmagan va keyingi 10 yilda Krishtianu Ronaldu 6 marta eng yaxshi futbolchi deb topilgan. Yilning eng yaxshi futbolchisi nomini Lionel Messi, Radamel Falkao, Frank Riberi va Robert Levandovski bir martadan qo‘lga kiritgan.

Yilning eng yaxshi murabbiyi nomiga Joze Mourino, Antonio Konte, Karlo Anchelotti, Mark Vilmots, Fernandu Santush, Zinedin Zidan, Dide Desham, Yurgen Klopp va Hans-Diter Flik kabi murabbiylar munosib topilgan. Qizig‘i, biror marta yil murabbiyi bo‘lmagan Xosep Gvardiola asr murabbiyi deb topildi.

2015 yil o‘zbekistonlik hakam Ravshan Ermatov Globe Soccer Awards taqdirlash marosimida yilning eng yaxshi hakami sovrinini qo‘lga kiritgan.

Top