«Barselona» haqida
– Doim aytganman: «Barselona» – mening hayotim. Bu yerda 13 yoshimdan buyon yashayman, futbol o‘ynayman. Barselonada vatanim Argentinadan ko‘proq vaqtim o‘tgan. Klub men uchun hamma narsa berdi. Meni futbolchi va inson sifatida tarbiyaladi, shu sabab «Barselona» uchun borimni berishga tayyorman. Men va Barselonani muhabbat bog‘lab turadi. Axir mening bolalarim ham shu yerda tug‘ilgan. Klub bilan muhabbatimizga hech narsa daxl qilmasligi kerak.

O‘tgan yoz men uchun juda yomon keldi. To‘g‘risi, doim yozda xafa bo‘laman, chunki mavsum tugaydi. O‘tgan yil nima bo‘lsa bo‘ldi. Sodir bo‘lgan voqealar menga, jismoniy holatimga, o‘yinimga salbiy ta'sir qildi. Hozir esa hammasi joyida, o‘zimni yaxshi his qilyapman va sovrinlar uchun kurashishga tayyorman.
Albatta, sport muammolari sabab yig‘laganim yo‘q, lekin juda qiynaldim. Aynan sport bilan bog‘liq muammolar meni qiynadi va mavsum avvalida juda yomon holatda edim.
Bartomeu yomon gaplar tarqatgani haqida
– U meni ko‘p masalada aldagan. To‘g‘risi, juda ko‘p narsalarda. Aynan nimalar bo‘lganini aytolmayman, chunki klubdagi gaplarni tashqariga chiqarish niyatim yo‘q. U ko‘p narsalar va'da qilib, bajarmadi, uzoq yillar meni aldab keldi. Rahbariyat Luis Suares bilan qilgan ishidan hayratga tushdim. Ular Suaresni asosiy raqobatchilarimizdan biriga bepul berib yuborishdi. Suares ketganini qabul qilishning o‘zi og‘ir, lekin uning qanday ketgani... Bu juda yomon bo‘ldi.

Bartomeu meni yomon inson deb ko‘rsatish uchun har xil mish-mishlar tarqatgan (Bartomeu bu uchun maxsus piar jamoasi shakllantirib, ularga pul to‘lagan). Men undan shunchaki ketishimda yordam berishini, meni tushunishini so‘radim. U esa faqat «Yo‘q, yo‘q, yo‘q», derdi.
Yangi prezident kim bo‘lishini bilmayman, nomzodlardan hech biri menga qo‘ng‘iroq qilgani ham yo‘q. Men saylovlarda ovoz bermasam ham kerak. Kim kelsa ham, klub og‘ir holatda, «Barselona»ni yuqori o‘rinlarga qaytarish uchun ishlash kerak. Klub moliyaviy qiyin holatda, yangi futbolchilarni jalb qilish uchun pul yo‘q. Avvalo moliyaviy holatni yaxshilash kerak.
«Bavariya»ga qarshi o‘yinda 2:8 hisobidagi mag‘lubiyat haqida



















