O‘zbekiston | 09:03 / 29.12.2020
2017
2 daqiqa o‘qiladi

«Xastimom» mahallasida qadimiy ipak qog‘ozi markazi tashkil etiladi

Prezidentning “O‘zbekiston Respublikasida ziyorat turizmini yanada rivojlantirish va ziyoratchilar uchun qulay shart-sharoitlar yaratish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni loyihasi e'lon qilindi.

Fanlar akademiyasi, Madaniyat vazirligi, Toshkent shahar hokimligi bilan birgalikda mamlakatning qadimiy ipak qog‘ozi yaratilgan hudud sifatidagi maqomini mustahkamlash uchun Toshkent shahri, Olmazor tumanidagi Islom sivilizatsiya markazi joylashgan “Xastimom” mahallasida qadimiy ipak qog‘ozi markazini tashkil etish konsepsiyasini Vazirlar Mahkamasiga tasdiqlash uchun kiritadi.

Pillachilik va qorako‘lchilikni rivojlantirish qo‘mitasi, Qishloq xo‘jaligi vazirligi, Samarqand viloyati hokimligi va Buxoro viloyati hokimliklari 2021 yil 1 avgustga qadar qadimiy ipak qog‘ozi xomashyo zaxirasini shakllantirish manbai sifatida Imom Buxoriy majmuasi atrofidagi 137 ga yer maydonida, Chor Bakr tarixiy me'moriy majmuasiga tutash hududdagi 145 ga yer maydonida tut plantatsiyasi tashkil etilishini ta'minlaydi.

Samarqand viloyati hokimligi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita, Madaniyat vazirligi, Fanlar akademiyasi va Qo‘mita bilan birgalikda Imom Moturidiy yodgorlik majmuasini ziyorat markaziga aylantirish hamda atrofdagi 8 nafar buyuk ulamolar qabrlarini tiklash va obodonlashtirish ishlari konsepsiyasini va uni amalga oshirish bo‘yicha “Yo‘l xaritasi”ni ishlab chiqib, tasdiqlash uchun Vazirlar Mahkamasiga kiritadi.

Samarqand viloyati hokimligi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita va Badiiy akademiya bilan birgalikda Samarqand shahrida islom dini va mintaqadagi mavjud din namoyandalari merosini aks ettiruvchi tematik xiyobonni yaratish bo‘yicha Vazirlar Mahkamasiga taklif kiritadi.

Mavzuga oid