07:57 / 30.12.2020
16543

O‘zbekiston hukumati «O‘zavtosanoat»ni faqat elektromobillar ishlab chiqarishga o‘tkazish masalasini ko‘rib chiqmoqda

Vazirlar Mahkamasining “Avtotransport vositalarini yollash va ijaraga berish faoliyatini qo‘llab-quvvatlash, elektromobillar va mototransportlardan foydalanish, shuningdek, velosipedda mamlakat bo‘ylab harakatlanishni rivojlantirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.

Qarorga binoan, “O‘zavtosanoat” AJ korxonalarida faqat elektr dvigatel orqali harakatlanadigan yengil avtomobillar va mototransport vositalarini ishlab chiqarish konsepsiyasi loyihasi ishlab chiqiladi va Vazirlar Mahkamasiga kiritiladi.

Konsepsiya loyihasini, xalqaro konsalting tashkilotlari va xorijiy ekspertlarni jalb qilgan holda, “O‘zavtosanoat” AJ 2021 yil 1 fevralgacha ishlab chiqadi.

Konsepsiyada loyihalarni amalga oshirishning aniq muddatlari, ishlab chiqarish quvvati, moliyalashtirish miqdori, davlat tomonidan beriladigan ko‘maklar va boshqa ma’lumotlarni nazarda tutiladi.

Moliya vazirligi 2021 yil va keyingi yillarga mo‘ljallangan Davlat budjetini shakllantirishda faqat elektr dvigatel orqali harakatlanadigan avtomototransport vositalari respublika hududida xarid qilinganda va (yoki) vaqtinchalik olib kirilganda ularni ichki ishlar organlarida ro‘yxatdan o‘tkazishda avtomototransport vositalari egalari (ulardan foydalanuvchilar) tomonidan to‘lanadigan yig‘imlarni bekor qilishni nazarda tutadi.

Energetika vazirligi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi, Transport vazirligi, “O‘zeltexsanoat” uyushmasi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan birgalikda ikki oy muddatda xalqaro amaliyotni o‘rganish asosida zamonaviy texnologik tizimlardan foydalangan holda faqat elektr dvigatel orqali harakatlanadigan avtomototransport vositalariga xizmat ko‘rsatish bo‘yicha zaryadlash terminallarini o‘rnatishni tashkil qilish bo‘yicha “yo‘l xaritasi”ni ishlab chiqadi va tasdiqlash uchun Vazirlar Mahkamasiga kiritadi.

Eslatib o‘tamiz, 2022 yil 1 oktyabrdan boshlab Qo‘qonda elektromobil ishlab chiqarish boshlanishi, avtomobillar narxi 3 ming dollar atrofida bo‘lishi ma’lum qilingan. Zavodda yiliga 2 ming dona elektromobil ishlab chiqarish mo‘ljallanmoqda. 30 mln dollarlik loyiha Xitoyning «Silk Road Company» kompaniyasi bilan hamkorlikda amalga oshirilishi belgilangan.

2019 yil 1 yanvardan O‘zbekistonga elektromobil importi uchun boj to‘lovi bekor qilingan, o‘sha yil iyul oyiga borib aksiz solig‘i ham olib tashlangan. Ayni paytda chetdan yengil elektromobil olib kirishda 20 yevro bojxona yig‘imi va 15 foizlik QQS to‘lash kifoya.

2020 yilda O‘zbekistonga elektromobillar importi keskin oshdi. Statistika qo‘mitasiga ko‘ra, yanvar–sentabr oylarida xorijdan jami 2,1 mln dollarlik 82 ta elektromobil import qilingan. Bu ko‘rsatkich o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 59 taga ko‘p. 82 ta elektromobilning 52 tasi Xitoydan keltirilgan.

Top