Dunyoda inson kasallanishi bo‘yicha gripp (inflyuensa) kasalligiga teng keladigani yo‘q. Har bir odam deyarli har yili chalinadigan bu virus kasallanishlar soni bo‘yicha mutlaq rekordchi hisoblanadi. Ammo o‘lim holatlari bo‘yicha o‘ta xavfli hisoblangan viruslar ham talaygina. Yaxshiki gripp yoki koronavirus ular toifasiga kirmaydi, yo‘qsa insoniyat qirilib bitgan bo‘lardi ehtimol.
Vaksinalar tarixi. Ular dunyoga qanday naf bergan?
Quyida e'tiboringizga kasallik o‘ta og‘ir kechuvchi va aksariyat hollarda o‘lim bilan yakunlanuvchi viruslar haqida ma'lumotlar havola etiladi.
Ebola
Kongodagi Ebola daryosi nomini o‘zlashtirgan bu virus nisbatan juda yosh hisoblanadi. Bu kasallik tarqalishi dastlab 1976 yilda qayd etilgan va o‘rganilgan. 2014-2015 yillarda Ebola butun dunyoni larzaga soldi. O‘shanda kasallik butun G‘arbiy Afrikaga tarqalib ketdi.
Manbasi ko‘rshapalaklar bo‘lgan virus kasallanganlar tanasidan ajralayotgan suyuqliklar orqali tarqaladi. Ya'ni uning havo orqali tarqalishi qayd etilmagan va bu juda yaxshi. Aks holda millionlarning yostig‘i qurishi aniq edi.
Lekin shunda ham anchagina ofat keltirgan bu virus tufayli 2014 yilda 11 ming, 2019 yilda 2 ming kishi nobud bo‘ldi. 2019 yilda bu virusga qarshi muvaqqat vaksina ro‘yxatdan o‘tkazilgan.
SARS va MERS
SARS — og‘ir respirator sindrom, atipik pnevmoniya. Buning ham qo‘zg‘atuvchisi koronavirus, faqat nomi boshqacharoq – SARS-CoV. Dastlab Xitoyning Guandun muzofotida 2002 yilda qayd etilgan. 2003 yilda boshqa davlatlarga tarqalib ketgan.
Kasallanish ko‘rsatkichi past bo‘lgan, atigi 8437 kishi. Ammo o‘lim holatlari 813ta bo‘lgani jiddiy xavotirga solgan.
Yaqin Sharq respirator sindromi MERS esa ancha og‘ir kechgan. Uni koronaviruslar oilasidagi yana bir virus MERS-CoV chaqirgan. 2015 yilda boshlangan epidemiya tufayli 1595 kishi kasallikka chalingan bo‘lsa, ularning 571 nafari nobud bo‘lgan. 2019 yildagi holatda esa 2500 kishidan 900dan ortig‘i vafot etgan. Ya'ni bu kasallik tufayli o‘lim ko‘rsatkichi 30 foizdan ortib ketishi xavf darajasi yuqoriligini anglatadi.
Parranda va cho‘chqa grippi
1997 yilda Hongkongda ilk bor parrandalar grippi odamni ham zararlashi qayd etildi. O‘shanda 18 kishi kasallangan bo‘lsa, shundan 6 nafari vafot etgan. Haqiqiy epidemiya 2003 yilda kuzatiladi va 2008 yilga qadar 361 kishi bu kasallikka chalinadi. Bemorlar soni kam tuyulgani bilan o‘lim ko‘rsatkichi o‘ta yuqori edi – ularning 227 nafari vafot etgan. Bu kasallik tufayli millionlab parrandalar yo‘q qilib tashlanadi. Hozirgi kunda ham vaqti-vaqti bilan bu kasallik uchrab turadi.

















