5 yanvar kuni AKT vazirligi matbuot xizmati rahbari Sherzod Ahmadov ishtirokida mobil qurilmalarning IMEI-kodlarini ro‘yxatdan o‘tkazish tartibiga kiritilayotgan o‘zgartirishlar yuzasidan brifing o‘tkazildi.

Mobil qurilmalarning IMEI-kodlarini ro‘yxatdan o‘tkazish tartibiga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi

Kun.uz muxbiri tadbir yakunida vazirlik vakili bilan shu mavzu atrofidagi savollar yuzasidan qisqa intervyu uyushtirdi.

— O‘zbekistonda jismoniy shaxslar tomonidan xalqaro pochta yoki kurerlik jo‘natmalari orqali olib kirilgan mobil qurilmalarning IMEI-kodlarini UZIMEI tizimidan ro‘yxatdan o‘tkazish uchun belgilangan summalar qanday belgilangan?

— IMEI-kodlarini ro‘yxatdan o‘tkazish butun dunyo tajribasida bor holat. O‘zbekistonda mazkur xizmat uchun belgilangan tariflar ham dunyodagi amaliyotdan kelib chiqqan holda Moliya, Iqtisodiyot va Kambag‘allikni qisqartirish vazirliklari hamda boshqa idoralar bilan kelishilib, belgilangan.

Aniqlashtirish uchun aytib o‘tmoqchimanki, savdo bozorlariga olib kirilayotgan mobil aloqa vositalarining IMEI-kodlarini UZIMEI tizimidan ro‘yxatdan o‘tkazish importyorlar tomonidan amalga oshiriladi. Ushbu qurilmalarni sotib olayotgan fuqarolar esa biror bir to‘lovni amalga oshirmaydi.

AKT vazirligi matbuot xizmati rahbari Sherzod Ahmadov

— Yangi tizimga o‘tilganidan keyin O‘zbekistondagi ko‘plab fuqarolarning pasport ma'lumotlaridan noqonuniy ravishda foydalanish, ulardan mobil qurilmalarda IMEI kodlarini kiritishda foydalanish holatlari ortdi. Buning oldini olish maqsadida IMEI-kodini/kodlarini ro‘yxatdan o‘tkazishda jismoniy shaxslar tomonidan foydalaniladigan abonent raqami mahalliy mobil operatorlaridan ariza beruvchi nomiga rasmiylashtirilgan bo‘lishi kerak bo‘lgan amaliyot belgilandi. Ammo ko‘ryapmizki, bu ham to‘g‘ri yechim emas ekan. Chunki odamlar o‘z mobil qurilmasini kimgadir berishi, sovg‘a qilishi yoki umuman boshqa kishining nomidagi sim kartadan foydalanishi mumkin.

— Savolingiz o‘rinli, haqiqatda bu kabi holatlar kuzatildi. Ammo hozir shu kabi holatlarning oldini olish maqsadida yangi tizim yo‘lga qo‘yildi. Unga ko‘ra siz mobil qurilmangizni o‘zingizning nomingizdagi sim karta bilan ro‘yxatdan o‘tkazgan bo‘lsangiz, ma'lumotlar ba'zasi bir-birini tekshirib olishi natijasida boshqa bir shaxs o‘sha raqamdan keyinroq foydalana olmaydi. Fikrimcha. Nomingizda umuman sim karta bo‘lmasligi mumkin emas.