O‘zbekiston | 17:44 / 07.01.2021
4711
3 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston, AQSh va Qozog‘iston «Markaziy Osiyo investitsiyaviy sherikligi» tashabbusi yo‘lga qo‘yganini ma'lum qildi

«Markaziy Osiyo investitsiyaviy sherikligi» tashabbusini yo‘lga qo‘yish to‘g‘risida Amerika Qo‘shma Shtatlari, O‘zbekiston Respublikasi va Qozog‘iston Respublikasining qo‘shma bayonoti e'lon qilindi.

Foto: uz.usembassy.gov

Amerika Qo‘shma Shtatlari, O‘zbekiston Respublikasi va Qozog‘iston Respublikasi hukumatlari «Markaziy Osiyo investitsiyaviy sherikligi» tashabbusi yo‘lga qo‘yilganligini e'lon qildi. Ishtirokchilar boshqa mamlakatlarning mintaqaviy iqtisodiy sheriklik va farovonlikni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan ushbu tashabbusga qo‘shilishlarini olqishlaydi, deyiladi hukumatlar tomonidan bildirilgan bayonotda.

«Mazkur tashabbus orqali AQSh Xalqaro taraqqiyot moliya korporatsiyasi (DFC), O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi va Qozog‘iston Respublikasi hukumati manfaatlarini ko‘zlab harakat qiluvchi «Ostona» Xalqaro moliya markazi, Markaziy Osiyo va mintaqadagi xususiy sektori o‘sishiga hamda iqtisodiy aloqalarni kengaytirishga xizmat qiladigan loyihalarni qo‘llab-quvvatlash uchun besh yil ichida kamida 1 milliard dollar mablag‘larini jalb etish maqsadida barcha imkoniyatlarni ishga solishadi», – deyiladi qo‘shma bayonotda.

Ta'kidlanishicha, «Markaziy Osiyo investitsiyaviy sherikligi»ning maqsadi xalqaro infratuzilma sifat standartlariga javob beradigan hamda inklyuziv, shaffof va barqaror investitsiyalar hajmining o‘sishiga ko‘maklashuvchi xususiy sektor sohasidagi loyihalarni ilgari surishdan iborat bo‘ladi. Shunday qilib, sheriklar loyihalarni muvaffaqiyatli amalga oshirishga hissa qo‘shadi va mintaqaga qo‘shimcha xususiy investitsiyalar kirib kelishini faollashtiradi.

Qo‘shma bayonot matni «Markaziy Osiyo investitsiyaviy sherikligi» AQShning Markaziy Osiyoda iqtisodiy o‘sish va farovonlikni qo‘llab-quvvatlash borasidagi sa'y-harakatlarini hayotga tatbiq etishdagi muhim qadam ekanligi qayd etilgan.

«C5+1» platformasi orqali amalga oshirilayotgan ushbu tashabbus Markaziy Osiyo mamlakatlari iqtisodiyotini mustahkamlash va o‘sishini ta'minlash maqsadida savdo-sotiqni oshirish, kompleks rivojlanishni rag‘batlantirish va ko‘p tomonlama aloqalarni chuqurlashtirish uchun barcha mavjud imkoniyatlardan foydalanishga intiladi.

Mintaqa COVID-19 pandemiyasining iqtisodiy oqibatlarini yengib o‘tishga intilar ekan, bunday hamkorlik va barqarorlik har qachongidan ham muhimroq», – deyiladi bayonotda.

Mavzuga oid