O‘zbekiston | 02:18 / 11.01.2021
39573
2 daqiqa o‘qiladi

Jizzaxda qulagan bino yondosh 2 qavatli savdo do‘konining bir qismini bosib qolgani ma'lum bo‘ldi

Voqea guvohlariga ko‘ra, bino qulashi natijasida 500 metr uzoqlikdagi fuqarolarga ham kuchli zarb tovushi eshitilgan. Qulash natijasida unga tutash bo‘lgan 2 qavatli savdo binosining bir qismini bosib qolgan. 

Foto: KUN.UZ

Hodisa ro‘y bergan kun - 10 yanvar yakshanba bo‘lgani sababli binoda savdo qilish ishlari amalga oshirilmagan. 

Voqea joyiga yetib borgan Kun.uz muxbiriga ko‘ra, ayni vaqtda viloyat FVB, IIB, prokuratura xodimlari tomonidan voqea joyida o‘rganish ishlari olib borilmoqda.

«10 yanvar kuni soat 16.37da Mustaqillik ko‘chasiga yondosh hududda joylashgan qurilishi tugallanmagan ko‘p qavatli binoda konstruksiyasining buzilish hodisasi ro‘y berdi. Darhol voqea joyiga viloyat FVB qutqaruv bo‘linmasi, boshqa avariya bo‘limlari va qutqaruv xizmati vakillari yetib keldi. Hodisa oqibatida halok bo‘lganlar va jabrlanganlar qayd etilmadi», — dedi Kun.uz muxbiriga Jizzax viloyat FVB axborot xizmati rahbari, kapitan Farrux Abdurahmonov.

Voqea joyida bo‘lib turgan Jizzax shahar hokimining kapital qurilish va kommunikatsiya xo‘jaliklari bo‘yicha o‘rinbosari Rustam Hasanovning qo‘shimcha ma'lumot berishicha, binoning qolgan qismida qurilish ishlari davom etish yo etmasligi yuzasidan viloyatdagi tegishli mutasaddi tashkilotlar tomonidan o‘rganish ishlari olib boriladi. Hozirda binoning qulagan qismiga to‘liq talafot yetgan va uning faqatgina poydevor qismigina saqlanib qolgan.

  • 10 yanvar kuni soat 17:00lar atrofida Jizzax shahrining Mustaqillik ko‘chasi bo‘yida «Chorvador-Qorako‘l-Baraka» MChJ tomonidan qurilayotgan ko‘p qavatli uylardan birining bir qismi quladi.
  • Ko‘p qavatli uyning qulab tushishi sabablarini o‘rganish bo‘yicha hukumat komissiyasi tuzilgan. Komissiyaga bosh vazirning birinchi o‘rinbosari Ochilboy Ramatov rahbarlik qilmoqda.

Mavzuga oid