O‘zbekiston | 12:53 / 18.01.2021
8232
2 daqiqa o‘qiladi

Bahodir Yusupaliyev: O‘zbekistonga Pfizer vaksinasidan 100 ming doza keltiriladi

O‘zbekiston GAVI alyansi bilan hamkorlikda Amerikaning Pfizer va Germaniyaning BioNTech kompaniyasi tomonidan tayyorlangan Comirnaty vaksinasidan 100 ming doza olib kelish bo‘yicha hamkorlik qilmoqda. Bu haqda Sog‘liqni saqlash vaziri o‘rinbosari – Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati boshlig‘i Bahodir Yusupaliyev SSV matbuot xizmatiga bergan intervyusida ma'lum qildi.

«GAVI (Emlash va immunizatsiya bo‘yicha global alyans) tashkiloti tomonidan O‘zbekiston Respublikasi COVAX (Koronavirus infeksiyasiga qarshi emlash mexanizmi)ga a'zo davlatlar qatoriga kiritilgani ma'lum qilingan.

Sog‘liqni saqlash vazirligi va hamkor tashkilotlar tomonidan Covid-19’ga qarshi vaksinani amaliyotga kiritish uchun mamlakatimiz aholisining 20 foizi miqdorida buyurtma tayyorlanib, COVAX fondiga yuborildi. Hozirda GAVI tashkiloti bilan hamkorlikda Amerikaning Pfizer va Germaniyaning BioNTech kompaniyasi tomonidan ishlab chiqarilgan koronavirusga qarshi Comirnaty vaksinasini O‘zbekistonga 100 ming doza miqdorida olib kelinishi bo‘yicha ishlar olib borilmoqda.

Pfizer/Biotech vaksinasini yuqori sovuqlik zanjiriga jiddiy rioya etgan holda -70 daraja haroratda saqlash talab etiladi. Yurtimizda -70 daraja haroratni saqlaydigan muzlatgichlar mavjud va hozirgi kunda koronavirusga qarshi emlash jarayonini puxta rejalashtirish va tibbiyot xodimlarini maxsus xavfsiz immunizatsiya shartlari bo‘yicha tayyorgarlikdan o‘tkazish, ayniqsa, vaksinator, reanimatologlar va boshqa tibbiyot xodimlarini tayyorlash ishlari boshlab yuborildi.

Shu o‘rinda ta'kidlash joizki, yurtimizda 2-8 daraja haroratga mo‘ljallangan sovuqlik zanjiri infratuzilmasi mavjud bo‘lib, bu tizim JSSTning barcha talablariga javob beradi va xavfsiz emlash amaliyotini kafolatlaydi.

Emlash jarayoniga tayyorgarlik ko‘rish maqsadida GAVI tashkiloti tomonidan 17ta katta hajmdagi refrijyeratorlar va 206ta yuk tashuvchi miniven avtotransport vositalari taqdim etilib, yurtimizning har bir hududi va tumaniga yetkazish bo‘yicha ishlar olib borilmoqda», deya Bahodir Yusupaliyevning so‘zlarini keltirmoqda Sog‘liqni saqlash vazirligi Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi.

Mavzuga oid