Jamiyat | 14:18 / 18.01.2021
52649
4 daqiqa o‘qiladi

«Birorta jo‘ramning onasi tashlab ketmagan, siz mening boshimni egdingiz» – MIB onasi bilan ketishni istamagan bolalar bo‘yicha izoh berdi

Samarqand viloyati Jomboy tumanida sodir bo‘lgan voqea ijtimoiy tarmoqlarda keng muhokamalarga sabab bo‘ldi. Unda ona sud qarori va MIB xodimi yordamida bolalarini olib ketishga uringani, ammo bolalar bunga keskin qarshilik qilishgani aks etgan.

Foto: Videodan kadr

Videolavhadan ko‘rinadiki, ona bolalarni o‘z tarbiyasiga olish bo‘yicha sud qarorini qo‘lga kiritgan va MIB xodimi hamrohligida bolalari yoniga kelgan. Biroq aka va uning ikki singlisi bunga jon-jahdlari bilan qarshilik qiladi. Ayniqsa, akaning ikki singlisini ortiga panalab, onasidan himoyalagani ko‘pchilikni ta'sirlantirgan.

“Siz meni sharmanda qilgansiz, aya! Otasi tashlab ketganlari bor, lekin birorta jo‘ramning onasi tashlab ketmagan. Men sizdan or qilaman aya, siz mening g‘ururimni sindirdingiz, men hech qachon siz bilan ketmayman”, – deydi o‘g‘il yig‘lab.

Ona nomidagi ayol esa qo‘llarini bigiz qilib, “hali kerak bo‘lsa seni ham olaman”, deydi o‘g‘liga qarata.

Dod solayotgan singlisini quchoqlab olgan opa esa onasiga shunday so‘zlarni aytadi:

“Bir vaqtlar kerakmas, deb tashlab ketgan edingiz. Endi kerak bo‘lib qoldikmi biz, bormaymiz”.

MIB vakili ham onani bu harakatdan qaytaradi va shunday deydi:

“To‘g‘ri, bolalar sizning tarbiyangizga olinsin, deyilgan. Lekin ularni majburlab olib keta olmaysiz. Agar bunday holat bo‘lishini bilganimda siz bilan umuman kelmasdim”, – deydi onaga qarata.

MIB: bolalar hozirgi kunda onasi bilan

Kun.uz muxbiri voqeaga rasmiy izoh olish uchun Majburiy ijro byurosi matbuot xizmati bilan bog‘landi.

Qayd etilishicha, voqea 2020 yilning 18 sentyabr kuni Samarqand viloyatining Jomboy tumanida sodir bo‘lgan. Aniqlanishicha, fuqarolik ishlari bo‘yicha Jomboy tumanlararo sudining O.B. tarbiyasida bo‘lgan, voyaga yetmagan 2 nafar, 2009 yilda tug‘ilgan D.S. va 2012 yilda tug‘ilgan A.S.ni F.B.ning tarbiyasiga olib berish to‘g‘risidagi ijro hujjati bo‘lim ijro ishi yurituviga kelib tushgan va davlat ijrochisi X.Bozorboyev tomonidan ijroga qaratilgan bo‘lib, ijro hujjatida ko‘rsatilgan talablarni ixtiyoriy ravishda bajarish uchun otaga 15 kunlik muddat berilgan.

MIB amalda sud qarorlarini muhokama qilmasdan, uning ijrosini ta'minlaydi, bu odil sudlovni ta'minlashga xizmat qiladi. Mazkur hujjat ijrosini ta'minlash maqsadida otaning tarbiyasida bo‘lgan ikki nafar farzandini undiruvchining tarbiyasiga olib berish uchun uning doimiy yashash manziliga bir necha marotaba borilganda, farzandlari onasiga bormasligini bildirganligi sababli hujjat ijrosini ta'minlash imkoni bo‘lmagan.

Shundan so‘ng, ijro harakatlari davomida ota tarbiyasida bo‘lgan ikki nafar farzandni onaning tarbiyasiga byuroning Jomboy tuman bo‘limi binosida tegishli dalolatnoma rasmiylashtirilgan holda olib berilgan va hozirgi kunda undiruvchi onaning tarbiyasida ekanligi ma'lum qilindi.

“Hozir farzandlar onasi tarbiyasida katta bo‘lishmoqda va maktabda tahsil olishmoqda. Ota-onalarning ajralishi jamiyat uchun achinarli holat, bunda farzandlar ko‘proq jabr chekishadi. Ajralish haqida o‘ylaganlar bolalar taqdirini unutmasliklari lozimligiga mana shu holat yorqin misol bo‘la oladi”, – deyiladi MIB matbuot xizmatining Kun.uz’ga taqdim qilgan izohida.

Mavzuga oid