Ispaniya. Superkubok
«Barselona» — «Atletik» — 2:3 q.v. (1:1, 1:1, 0:1)
Gollar: Grizmann, 40 (1:0). De Markos, 42 (1:1). Grizmann, 77 (2:1). Vilyalibre, 90 (2:2). Inyaki Uilyams, 93 (2:3).
«Barselona»: ter Shtegen, Jordi Alba, Langle (Trinkan, 106), Arauxo, Dest (Mingesa, 46), Buskets, de Yong, Messi, Grizmann, Dembele (Pyanich, 88), Pedri (Breytueyt, 88. Puch, 97).
«Atletik»: Simon, Balensiaga (Lekue, 83), De Markos, Inigo Martines (Nunes, 95), Kapa (Vesga, 81), Alvares, Raul Garsiya (Vilyalibre, 83), Dani Garsiya, Vensedor (Berenger, 81), Iker Muniain, Inyaki Uilyams (Morsilo, 106).
Ogohlantirishlar: Langle, 11. Dani Garsiya, 67. Vilyalibre, 109. Morsilo, 110. Jordi Alba, 114.
Chetlatish: Messi, 120+1.
17 yanvar. Barselona. «Kamp Nou» stadioni.

Maradona ham «Atletik» futbolchisini aylantirib solgandi
«Barselona» Grizmanning dublidan keyin g‘alabaga yaqin edi. Kataloniyaliklarni 14-marta Ispaniya Superkubogini qo‘lga kiritishdan bir necha daqiqa ajratib turgandi. Ammo Muniaining 90-daqiqadagi uzatmasi tablodagi hisobni o‘zgartirdi. Langle Vilyalibreni yaxshi qo‘riqlay olmadi, raqib hujumchisi Ter Shtegenni ojiz qoldirdi. Barchasi qo‘shimcha vaqtda hal qilinadigan bo‘ldi. Uilyams «Barsa»ning to‘rt futbolchisi qurshovida bo‘laturib, jarima maydoni chizig‘ida to‘pni o‘ziga ajoyib tarzda bo‘ysundirdi va uni darvozaning to‘qqizligiga joylab qo‘ydi.

«Barselona»da hisobni tenglashtirish uchun hali vaqt ko‘p edi, ammo Kuman jamoasi butunlay boshqa ish bilan shug‘ullandi. Kataloniyaliklar qo‘shimcha bo‘limlar davomida faqat to‘pni olib yurishdi va atigi bir marta raqib darvozasiga zarba yo‘llashdi.

O‘yin yakunlanishiga bir daqiqa vaqt qolganida esa aql bovar qilmas hodisa ro‘y berdi —  Lionel Messi o‘ziga tomon ko‘tarilgan to‘g‘ridan to‘g‘ri qizil kartochkani ko‘rdi. Argentinalik futbolchisi jamoasi hujumiga qo‘shilish maqsadida o‘zini ta'qib qilgan «Atletik» forvardi Aser Vilyalibredan qutulish uchun uni qo‘llari bilan yiqitdi, hakam esa videotakrordan keyin uni maydondan chetlashtirdi.