AQShning yangi ma'muriyati Vashington va "Tolibon" harakati o‘rtasida tuzilgan kelishuvni qaytadan ko‘rib chiqmoqda. TOLOnews telekanalining xabar berishicha, bu haqda Afg‘oniston prezidenti Ashraf G‘ani ma'lum qildi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Qo‘shma Shtatlar "toliblar bilan kelishuvni shoshilinch tartibda qayta ko‘rib chiqmoqda".

G‘anining qo‘shimcha qilishicha, shundan so‘ng Vashington vakillari "ushbu shartnomani hisobga olgan holda qo‘shma yo‘l xaritasi ishlab chiqish uchun Kobul bilan maslahatlashuvlar o‘tkazadi".

Afg‘oniston prezidentining fikricha, Oq uyga prezident Jo Bayden kelishi bilan "Kobul va Vashington munosabatlarida yangi sahifa ochildi".