Oliy Majlis Qonunchilik palatasi saylov qonunchiligiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritishga oid qonun loyihasini e'lon qildi.
Loyiha quyi palataning 25 yanvar kungi yig‘ilishida birinchi o‘qishda ko‘rib chiqilgan.
O‘zgarishlarga asosan, saylovlar va referendumlar dekabrdan oktabr oyiga ko‘chirilishi kutilmoqda.
Rasmiy relizda izohlanishicha, hozirda prezidentlik va deputatlikka saylovlar ularning konstitutsiyaviy vakolat muddati tugaydigan yilda, dekabr oyi uchinchi o‘n kunligining birinchi yakshanbasida o‘tkaziladi.
«Bu esa saylovlardan keyingi siyosiy tadbirlarni o‘tkazish, jumladan, Davlat dasturini qabul qilish va boshqa islohotlarning kechiktirilishiga sabab bo‘ladi. Shu bois, qonun loyihasiga ko‘ra, saylovlarni oktabr oyi uchinchi o‘n kunligining birinchi yakshanbasida o‘tkazish taklif etilmoqda», – deyiladi rasmiy axborotda.
Ta'kidlanishicha, saylovlar oktyabrda o‘tkazilsa, jarayondan keyin «oliy davlat organlarini o‘z vaqtida shakllantirish va muhim siyosiy qarorlarni qabul qilish uchun zamin yaraladi».
Bundan tashqari, qonun loyihasida quyidagilar ham taklif etilmoqda:
- saylov komissiyalari qarorlari ustidan shikoyat muddatini 10 kundan 5 kunga qadar qisqartirish (rasmiy izohga ko‘ra, bundan maqsad – saylov natijalarini e'lon qilish muddatlari asossiz cho‘zilishining oldini olish);
- deputatlikka saylovlar bilan teng ravishda prezidentlik saylovlarini ham davlat tomonidan moliyalashtirish;
- saylovoldi tashviqoti davrida davlat resurslari (mansab vakolati, davlatga qarashli binolar)dan foydalanishni cheklash;
- saylovoldi tashviqotini olib borish taqiqlanadigan shaxslar toifalarini belgilash;
- xorijdagi O‘zbekiston fuqarolarini diplomatik vakolatxonalarning konsullik hisobida bo‘lishi yoki bo‘lmasligidan qat'i nazar saylovchilar ro‘yxatiga kiritish;
- chet davlatlarda saylovchilar yashayotgan yoki ishlayotgan joyida ko‘chma qutilarda ovoz berishning huquqiy asoslarini belgilash;
- xalq deputatlari tuman (shahar) Kengashlariga saylov o‘tkazuvchi okrug saylov komissiyalari institutini tugatish va ularning vakolatlari tuman (shahar) saylov komissiyalari zimmasiga yuklash;

















