Bu mayli, eng qizig‘i, avvalgi turda «Yunayted» bilan o‘yin (0:0) studiyasida ishtirok etgan, «Liverpul» muxlisi bo‘lgan rus sharhlovchisi tinmay Diyegu Jotaning yo‘qligi gapirgani bo‘ldi. Yanayam ajablanarlisi, men uchun ham bu ancha mantiqli faraz ko‘rindi – qarang, dunyoni titratgan Firmino – Saloh – Mane turib, «nega sotib olindi ekan?» deb hayron qolganimiz Jota haqida bo‘lyapti bu gaplar.

Aksariyat muvaffaqiyatli murabbiylar transfer bozorida tizimli ishlashni ma'qul ko‘rishadi. Masalan, Joze Mourino. Keliboq, o‘zi qurmoqchi bo‘lgan tarkibni pishitib oladi va asta-sekinlik bilan bo‘sh o‘rinlarni to‘ldiradi. Joze jamoa uchun tayanch yarimhimoyachisi kerak bo‘lsa, bozordan aynan mana shu ampluadagi saviyali futbolchi qidiradi. Agar birinchi tanlov – yulduz sotib olinsa, yaxshi, mabodo o‘xshamasa, budjet varianti ham qoniqtiradi, xullas, o‘sha bo‘sh turgan nuqtani to‘ldirishi kerak. Keyin aytaylik, ikkinchi hujumchi, yana bir markaziy himoyachi va hokazo. Oqibatda, 12-14 futbolchidan iborat asosiy tarkib tashkil topadi. Kuchli va sovrindor jamoa tuzish uchun eng qisqa yo‘l, ammo keyinchalik muammolar yuzaga kelishi tabiiy. Bu tamoyil asosida bir klubda uzoq muddat ishlashning iloji qiyin.

Yurgen Klopp o‘z faoliyati davomida ilk marotaba mana shu yo‘ldan bordi. Mayns yoki Dortmundda buning iloji yo‘q edi, chunki har yili yetakchi futbolchilar bilan xayrlashishga majbur bo‘linar, bunday sharoitlarda hatto 2-3 yillik reja qilish imkonsiz. Shahin, Kagava, Gyotse, Levandovski – har yili «Borussiya» bir yulduzini top klublarga kuzatar edi.

 Liverpulda bunday muammo yo‘q, Klopp asta-sekinlik bilan mukammal jamoasini tuzib bordi. Hatto Koutinoning sotilishi ham Yurgenning rejalariga u qadar halaqit qilmas, gohida muvaffaqiyatli skauting (Trent, Roberson), gohida qimmatbaho maqsadlar (Van Deyk, Keyta, Alison), goh kutilmagan nishon (Saloh) yakunda pazlni ajoyib kartinaga aylantirdi. Darvozada Alison, himoyada Trent, Roberson, Van Deyk va kimdir, yarimhimoyada Henderson, Veynaldum va yana kimdir, hujumda Firmino, Saloh va Mane. Kimdirlar o‘rnida Matip, Gomis, Keyta, Fabino – mana sizga 13 futbolchidan iborat supertarkib.

Bu tarkib bilan «Liverpul» shu darajada cho‘qqiga chiqdiki, bir tizimli mashinaga aylandi, har bir futbolchi esa, bir almashtirib bo‘lmas murvat. Ular alohida olganda ham yaxshi futbolchi bo‘lib qolaveradilar, ammo aynan birgalikda yulduzga aylanadilar, mana shu tizimning ichida. Trent ham, Firmino va hatto Saloh ham milliy jamoalarda, boshqa sheriklar bilan bu qadar samarali bo‘la olishmagan. Tabiiyki, bu holat qaysidir ma'noda salbiy ta'sirini ham ko‘rsata boshlaydi.

Birinchidan. Yaqinda bir yerda o‘qib qoldim, «Barselona»ning Messiga yoki «MYu»ning Fernandeshga bog‘liqligi haqida aytamiz-ku, lekin tizimli jamoalarda ham muammo kattaroq. Xo‘p, Messi yoki Fernandesh jarohat olsa, jamoa kuchsizlanib qoladi, lekin «Liverpul»da bunday futbolchilar bir emas sakkizta, tasavvur qilyapsizmi? Ya'ni jarohatlar tufayli o‘yinga putur yetish ehtimoli sakkiz barobar ko‘p – Van Deyk jarohat oladimi, Manemi yoki Firmino, farqi yo‘q, «Liverpul» oldingidan ikki barobar kuchsizlanib qolaveradi. Yaqinda «Yunayted» «Lids»ni 6:2 yutgach, tarkibda 9 ta o‘zgarish qildi va «Everton»ni 2:0 yengdi. Qizig‘i, 9 futbolchi almashgani bilinmadi ham, chunki, Maguayr va Bruno maydonda qolgandi. «Yunayted»da muammo paydo bo‘lishi uchun, yo Bruno yoki Maguayr, yo Reshford jarohat olishi kerak, «Liverpul»da esa, bunday o‘yinchilar sakkiz nafar. Messi, De Bryuyne yoki Bruno har qancha hal qiluvchi bo‘lishmasin, «Liverpul» kabi mashinalardagi «risk» yanada kattaroq, tushunyapsizmi?