Kun.uz 19 yanvar kuni «Nanayliklar hali ham ariqdan suv ichmoqda. Hokim o‘rinbosari «muammo hal bo‘ldi» degandi» sarlavhasi ostida maqola va videoko‘rsatuv e'lon qilgan edi.

Ko‘rsatuvda Namangan viloyati Yangiqo‘rg‘on tumani Nanay qishlog‘idagi toza ichimlik suvi muammosi ko‘tarilgan bo‘lib, unda 2020 yil 12 yanvardagi tanqidiy maqoladan bir yil o‘tib, kamchiliklarni tuzatishga qanday e'tibor berilgani bayon qilinadi.

  • 2020 yil yanvaridagi maqola: «Ota-bobomiz shu suvdan ichib kelgan». Yangiqo‘rg‘on hokimligi mutasaddisi minglab odamlar ariqdan suv ichishiga xotirjam qaraydimi?
  • 2021 yil yanvaridagi maqola: Nanayliklar hali ham ariqdan suv ichmoqda. Hokim o‘rinbosari «muammo hal bo‘ldi» degandi

Tuman hokimining qurilish bo‘yicha o‘rinbosari Murodjon Sotiboldiyev Kun.uz muxbiri bilan suhbatda: «Nanay qishlog‘ida yo‘l va suv bo‘yicha muammo qolmadi», deya ta'kidlagan. Ammo 2021 yil 12 yanvar kuni Nanayga borgan Kun.uz vakillari hokim o‘rinbosarining gaplari haqiqatdan yiroqligiga guvoh bo‘ldi.

21 yanvar kuni Yangiqo‘rg‘on tumani hokimligi matbuot xizmati Telegram'dagi rasmiy kanalida shu maqolaga munosabat bildirdi.

Munosabatda 2020 yil davomida tumanning chegara hududlaridagi ichimlik suvi bilan bog‘liq muammolar qanday hal etilgani haqida yozilgan.

Rasmiy axborotda Kun.uz maqolasida ko‘rsatilgan «Do‘stlik» MFY hududiga 2018 yilgi «Obod qishloq» dasturi asosida 7700 metr yangi ichimlik suvi tarmog‘i tortilgani, «Qayroqi» MFY hududida mavjud suv saqlash ombori 25 mln so‘mga tozalanib, 100 mln so‘mga 3900 metr ichimlik suvi tarmoqlari tortilgani haqida aytiladi.

Hokimlikning rasmiy izohi 7 abzatsdan iborat va undagi faqat bittagina jumla alohida ajratilib (to‘qroq shriftda) ko‘rsatilgan:

«... muxbir tomonidan olingan videolavhalar bundan 1 yil oldin olingan lavhalar», – deyilgan alohida urg‘u qo‘yib ajratilgan gapda.