Kun.uz tahririyatiga Andijon viloyati Shahrixon tumanida istiqomat qiluvchi fuqarolardan murojaat kelib tushdi. Ular tumandagi Qo‘rg‘oncha MFY Fayziobod mahallasi yonidan oqib o‘tuvchi Shahrixonsoy ustiga qurilgan ko‘prik yaroqsiz holatga kelib qolgani, bu odamlarga katta qiyinchiliklar tug‘dirayotganini bayon qilishgan.

Biz masalani o‘rganish uchun Shahrixon va Bo‘ston tumanlari kesishgan joyga bordik. Fuqarolar murojaatida tilga olingan ko‘prik shu yerda; Fayziobod mahallasida yashovchi aholi shu ko‘prik orqali Andijon–Qo‘qon yo‘lining Bo‘ston tumanidan o‘tgan qismiga chiqib borar ekan.

Ko‘prikka o‘tish uchun o‘rmon xo‘jaligiga qarashli daraxtzor orasidan qariyb 300 metrcha keladigan yo‘l ochilgan. Shu yo‘ldan kirib borib, soy bo‘yida o‘ng tomonga qarab 50–60 metr yurilsa, o‘sha ko‘prik oldidan chiqiladi. Undan o‘tsangiz, salkam 50 xo‘jalik, 300 nafar aholi yashaydigan Fayziobodga kirib borasiz.

Bu mahallada yashovchilarning deyarli barchasi o‘z xonadonida chorvachilik bilan shug‘ullanadi. Ya'ni tomorqasida mol-qo‘y boqib, shundan daromad oladi. Mahalla ahlini ko‘prik va toza ichimlik suvi muammolari qiynab keladi.

 

Mahalla keksalarining aytishicha, bu joylarda o‘tgan asrning o‘rtalarida sobiq kolxozga qarashli chorvachilik ferma, uning atrofi keng dalalar bo‘lgan. Fermada qariyb 90–100 nafardan ishchi mehnat qilgan. Ular uzoqroqdagi mahallalardan kelib ishlashgan. Har kuni kelib-ketaverish ko‘pchilikni qiynab qo‘ygan. Shu bois ferma atrofidan ishchilarga navbatma-navbat yer berilgan va tez orada bu yerlarda yangi uylar qurila boshlagan. Shu tariqa, yangi mahalla paydo bo‘lgan.

Shahrixonsoy ustidagi ko‘prik ham o‘sha kezlarda qurilgan.

Mahalladagilarning aytishicha, ular ko‘prikni yangilab berishni so‘rab tuman va viloyat hokimliklariga bir necha marta murojaat qilishgan. Mahalla oqsoqoli murojaatlarga taalluqli hujjatlarni birma-bir ko‘rsatdi. Bu murojaatlar yuzasidan va'dalar berilgan, lekin hozirgacha natija bo‘lgani yo‘q.