«30 yanvar kuni O‘zbekiston prezidenti administratsiyasi rahbari o‘rinbosarlari qo‘mitaga kelib yig‘ilish o‘tkazdi. Unda qo‘mitaning asosan o‘rta bo‘g‘in faoliyati keskin tanqid ostiga olindi. Ya'ni ekologiya sohasidagi barcha kamchiliklar o‘rta bo‘g‘inda ekanligi ta'kidlandi. 2 fevral kuni esa bosh vazir o‘rinbosari Ochilboy Ramatov va u boshchiligidagi kompleks rahbarlari, vazir hamda vazir o‘rinbosarlari ishtirokida kengaytirilgan hay'at yig‘ilishi chaqirildi.

Bu yig‘ilishda 6 nafar boshqarma boshliqlari ishdan olindi. Jumladan, o‘sha kuni ishdan ketadi deyilganlar ro‘yxatida qo‘mitaning Atmosfera havosini muhofaza qilish boshqarmasi boshlig‘i Umidjon Abdujalilov, Suv, yer resurslari va yer osti boyliklarini muhofaza qilish boshqarmasi boshlig‘i Sobir Mashrabov, Xalqaro aloqalar va hamkorlik bo‘limi boshlig‘i Jahongir Tolipov, yurist Davron Xolmuhammedov va Qashqadaryo viloyat boshqarma boshlig‘i G‘anisher Ibrohimov hamda mening ism-familiyam bor edi», deydi Abdullayev.

Matbuot kotibining aytishicha, o‘zining ham bu «ro‘yxatga tushib qolishi»ga ikki hafta avval «yuqoridan kelgan g‘alati topshiriq» sabab bo‘lishi mumkin. U bu topshiriqni Transport vazirligining mas'ul xodimidan olganini ma'lum qildi.

«Ikki hafta avval O‘zbekiston Transport vazirligidan shaxsiy telefon raqamimga qo‘ng‘iroq bo‘ldi. Qo‘ng‘iroqda o‘zini «Ramatovning maslahatchisiman» deb tanishtirgan kishi menga bosh vazir o‘rinbosarining ijobiy imijini shakllantirish maqsadida alohida shtab tashkil qilingani hamda biz ham shu imijni yaxshilash uchun haftaning har juma kuni ular tasdiqlagan mavzu bo‘yicha ma'lumot berib turishimiz kerakligini buyurdi.

Maslahatchining aytishicha, keyinroq shtabga to‘plangan bu ma'lumotlar barcha ommaviy axborot vositalariga ularning nomidan tarqatilar ekan.

Hozir siyosiy jarayonlar oldida turibmiz. Men tabiiyki, bundan shubhalandim, chunki hozir saylov jarayonlari yaqinlashmoqda. Shu sabab men unga rahbariyat tomonidan qandaydir topshiriqlar bo‘lsagina uni bajarishimni aytdim.

«Ramatovning maslahatchisi» esa: «Meni to‘g‘ri tushunmadingiz shekilli, «Kabmin»dagi kuratoringizga aytaman, o‘zi gaplashadi», deya telefonni o‘chirib qo‘ydi.

Oradan ko‘p o‘tmay menga endi Vazirlar Mahkamasidagi «kuratorimiz» Bahodir Shukurov telefon qildi (Bahodir Shukurov Vazirlar Mahkamasida bosh mutaxassis vazifasida ishlovchi mutaxassis – tahr.)», deydi Abdullayev.

Bunyod Abdullayev «kuratori»dan yozma topshiriq tushirishni so‘ragan.