Ma'lumotlarga ko‘ra, vaksinaning SARS-CoV-2 koronavirusiga qarshi samaradorligi 91,6 foizni tashkil qilgan. Olimlarning alohida ta'kidlashicha, bunday samaradorlik 60 yoshdan katta odamlarda ham kuzatilgan. Gamaleya nomidagi markaz rahbari Aleksandr Ginsburg brifingda aytishicha, olimlar «Sputnik» bilan emlangandan so‘ng immunitet «kamida ikki yil va undan ko‘proq saqlanib qoladi», degan xulosaga kelishgan.

Rossiya to‘g‘ridan to‘g‘ri investitsiya jamg‘armasi raisi Kirill Dmitriyevning so‘zlariga ko‘ra, vaksina koronavirusning Buyuk Britaniya va Janubiy Afrika Respublikasida aniqlangan yangi shtammlariga ham samarador.

Tadqiqotchilarning ma'lumotlariga ko‘ra, «Sputnik» koronavirusning o‘rta va og‘ir shakllaridan 100 foiz himoyalay oladi. «Tadqiqotlar mobaynida bir necha ko‘ngillilar vafot etdi, lekin ularning o‘limi vaksina bilan bog‘liq emas», deyiladi Lancet jurnalida chiqqan maqolada.

Samaradorligi
20 ming kishida o‘tkazilgan oraliq sinovlar natijalariga ko‘ra, vaksina koronavirusga qarshi 91,6 foiz samaradorlik ko‘rsatgan.

«Sputnik» vaksinasini olgan 14 ming 964 kishidan iborat ko‘ngillilar guruhidan jami 16 kishi yoxud emlanganlarning 0,1 foizi kasallangan. 4902 kishilik platsebo guruhida esa 62 kishi yoki vaksina olganlarning 1,3 foizi kasallangan. Kasallanganlar preparatning birinchi dozasini olib 21 kun o‘tgach kasallanish holati qayd etilgan.

«Tajribada qatnashayotganlardan birlamchi skrining paytida va ikkinchi doza yuborilishidan avval koronavirusga PZR test olingan», deyiladi maqolada. Shuningdek, qatnashchilar O‘RVI simptomlari borligini aytishgan taqdirda ham test olingan.

Ikkinchi tahlillar doirasida mualliflar vaksinaning koronavirusning o‘rta va og‘ir o‘tishiga qarshi samaradorligi tadqiqotlar chegarasini aniq belgilab olishdi. Ma'lum qilinishicha, birinchi dozadan 21 kun o‘tib emlanganlar orasida o‘rta va og‘ir shaklda kasallanish kuzatilmagan va platsebo guruhida 20ta holat qayd etilgan. Bu esa o‘rta va og‘ir shakllarga qarshi 100 foizlik samaradorlik bor degani.

Tadqiqotlarda ma'lum bo‘lishicha, vaksina nafaqat gumoral immunitet reaksiyasini bergan (antitanachalar paydo bo‘lgan), balki hujayra vositasidagi immunitet ham kuzatilgan – bu 342 (vaksina) va 44 (platsebo) qatnashchilarda tasdiqlangan. 342 qatnashchining olti nafarida emlangandan so‘ng immun reaksiyasi shakllanmagan. Bu yoshning kattaligi yoki individual xususiyatlar tufayli bo‘lish ehtimoli bor, deyiladi maqolada.