Jahon | 02:12 / 06.02.2021
7432
2 daqiqa o‘qiladi

AQShning Eron bilan yadroviy kelishuvga qaytishi Tehronga bog‘liq – Oq uy

Agar Tehron o‘z majburiyatlarini to‘liq bajarishga qaytsa, Vashington ham shunday qiladi, dedi Oq uy matbuot kotibi.

Foto: Reuters

AQShning Eron yadroviy dasturi bo‘yicha qo‘shma harakatlar rejasiga qaytishi Eronning kelishuv doirasida o‘z majburiyatlarini to‘liq bajarishni boshlashiga bog‘liq, dedi Oq uy matbuot kotibi Jyen Psaki.

"Bu darhaqiqat Eronga bog‘liq. Agarda Eron kelishuv doirasidagi majburiyatlarini to‘liq bajarishga qaytsa, AQSh ham shunday qiladi va so‘ngra undan yanada uzoqroq va mustahkam kelishuvga erishish uchun foydalanadi", - dedi Psaki.

Oq uy milliy xavfsizlik kengashiga kiruvchi turli idoralar vakillarining Eron bo‘yicha rejalashtirilgan uchrashuvida qanday qaror qabul qilinishi borasidagi savolga Psaki hozircha hech qanday qaror qabul qilinmasligini aytdi.

"Uchrashuv Yaqin Sharq masalasiga qaratilgan. Eron muhokamalarning bir qismi bo‘lishiga ishonchim komil, bu prezident uchun muhim masala. Ammo bu qarorlar qabul qilinadigan uchrashuv emas. Unda prezident ishtirok etmaydi. Bu idoralararo ishning oddiy bir qismi", - deb javob berdi u.

2018 yilda o‘sha paytdagi AQSh prezidenti Donald Tramp mamlakatning Eron yadroviy dasturi bo‘yicha kelishuvdan chiqishi to‘g‘risida qaror qabul qilgandi. Shundan keyin Vashington Tehronga nisbatan bosim o‘tkazishni boshladi.

Yadroviy dastur bo‘yicha kelishuv 2015 yilda Eron, BMT xavfsizlik kengashining besh doimiy a'zosi va Germaniya ishtirokida imzolangandi. 

Дилшод Аскаров
Tayyorlagan Дилшод Аскаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid