O‘zbekiston | 12:57 / 10.02.2021
3336
2 daqiqa o‘qiladi

«Zakovat» intellektual o‘yinining final bosqichi bo‘lib o‘tadi. Sovrin fondi – 100 million so‘m 

27-28 fevral kunlari breyn-ring formatidagi yirik intellektual turnir o‘tkaziladi.

Joriy yilning 28 fevral kuni Mass-media fondining «Zakovat» intellektual klubi ma'rifiy loyihasi taqdimoti bo‘lib o‘tadi.

Tadbirda «yangilangan» klubning kelgusi rejalari, uning ilm-fanni ommalashtirish va shaxsning intellektual rivojlanishi sohasidagi faoliyati, o‘yin qoidalari va saralash mexanizmi to‘g‘risida to‘liq ma'lumot beriladi.

Shu kunning o‘zida «Zakovat» intellektual o‘yinining final bosqichi bo‘lib o‘tadi. Uning sovrin fondi 100 million so‘m bo‘lib, bunda birinchi o‘rin uchun 70 million so‘m, ikkinchi o‘rin uchun 20 million so‘m va uchinchi o‘rin uchun 10 million so‘m ajratiladi.

Saralash turniri bir kun oldin – 27 fevral kuni o‘tkaziladi.

Mukofot uchun barcha o‘z kuchini sinab ko‘rishi mumkin. Buning uchun klubning yangilangan zakovat.tv saytida ro‘yxatdan o‘tish kerak. Shuningdek, sayt orqali ishtirokka oid barcha zarur va qo‘shimcha ma'lumotlarni olish mumkin.

Ro‘yxatdan o‘tishda 6 kishidan iborat jamoa bo‘lib yoki individual ravishda ariza topshirish mumkin. Individual ro‘yxatdan o‘tgan ishtirokchilardan ham jamoalar tuziladi. Barcha ishtirokchilar majburiy intellektual kastingdan o‘tkaziladi. Kasting g‘oliblari o‘yinda qatnashish huquqiga ega bo‘lishadi. 

Qayd etilishicha, turnirda ishtirok etish bepul.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid