Germaniyada ketma-ket 10 yildan buyon Bundespreis Ecodesign’ning eng yaxshi ekodizayn mukofoti topshirib kelinadi. Mukofotni ekologiya sohasida tashabbus ko‘rsatgan tajribali kompaniyalar bilan bir qatorda endigina o‘z loyihalarini amalga oshirishni boshlayotgan talabalar ham olishlari mumkin. Tanlovga 2021 yilning 21 apreliga qadar ariza topshirish mumkin. 2020 yilda qanday ishlar g‘olib bo‘ldi?

Unutilgan navlardan savzavot yetishtirish

Bog‘ingizdagi ekinlarni turfalashtirish va bir vaqtning o‘zida ekologiyaga ko‘mak berish ham mumkinmi? Trir oliy maktabi talabasi Yana Hoffmann sabzavotlarning yo‘qolib borayotgan navlariga e'tibor qaratish uchun loyiha ishlab chiqdi. U bog‘dorchilik do‘konlari rastalarida ko‘zga tashlanib turuvchi yorqin rangdagi bukletlar va urug‘lar qadog‘ini yaratdi. Xitoy artishoklari haqida eshitganmisiz? Olabuta degan o‘simlikni bir chekkada o‘sadigan arzimas o‘t-o‘lan deb o‘ylaysizmi?

Unutilgan sabzavotlarning urug‘lari

Hoffmann biz supermarketlardan sotib oladigan va yeydigan narsalarimizga o‘zgacha ma'no berishni taklif qilyapti. «Unutilayozgan» sabzavot navlari amalda ancha sodda va serhosilroq. Talaba qizda bu fikr Shpitsbergen orolida butun dunyodan yig‘ilgan urug‘lar ombori borligini bilgach paydo bo‘lgan. Hoffmann 2025 yilga borib «eski» va biz hozirda keng tarqalgan sabzavot navlari orasida tanlash imkoni bo‘lishiga umid qilmoqda.

Homiladorlikni aniqlovchi qog‘oz test

Yevropa Ittifoqida har yili 5 milliondan ortiq homiladorlikni aniqlovchi testlar sotiladi va ularning bari plastikdan qilinadi. Kil shahrilik Yue Chjao qayta ishlangan qog‘ozdan test prototipini ishlab chiqdi. Uning oldida oddiy bo‘lmagan vazifa turardi – plastik o‘rnini bosa oluvchi mustahkam va ekologik toza material topish kerak edi. Biroq bungacha ham bir necha masalani hal qilish kerak edi: masalan, namga chidamli qadoq o‘ylab topib, mahsulotning chidamliligini tekshirish uchun bir necha sinov o‘tkazish kerak edi.

Ekologik markerlar va nuqsonli likopchalar

Biz kundalik foydalanadigan aksar buyumlar plastikdan. Masalan, ofisdagi kanselyariya tovarlari. Germaniyaning Edding kompaniyasi 2008 yildan beri o‘z mahsulotlarini ekologik toza ishlab chiqarishga harakat qilmoqda. Shunday tovarlardan biri – 90 foiz tabiiy xomashyo va qayta ishlangan materiallardan tashkil topgan EcoLine markeri. Bu markerlarni kompaniyaga jo‘natib, yana to‘ldirib olish yoki ularga qo‘shimcha siyoh sotib olish mumkin.