O‘zbekiston | 15:29 / 18.02.2021
23194
2 daqiqa o‘qiladi

«Kerak bo‘lsa, 10 ming dollar maosh olsin». Prezident – eksportni namunali yo‘lga qo‘ygan mutasaddilar haqida

Prezident Shavkat Mirziyoyev Namangan viloyatida bo‘lib turibdi. Agrosanoat kompleksi bilan tanishuv chog‘ida davlat rahbari soha mutasaddilariga hosildorlik va eksportni oshirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi.

«Mana, yoshlarga imkoniyat yaratib beryapmiz, yerlar ajratyapmiz. Bundan maqsad nima? Ish joyi, daromadi bo‘lgan, qorni to‘q, usti but yoshlarning ko‘ngli ham xotirjam bo‘ladi.

Yoshlar masalasida shuncha yil qarsakbozlik qildik, balandparvoz gaplar gapirdik. Lekin ularga to‘g‘ri yo‘l ko‘rsatmadik, ish o‘rinlari yaratmadik.

Birgina limonchilikni olaylik. Qani menga aytinglar-chi, hozir shuncha limon yetishtirilyapti, lekin biror katta omborda shu meva qolib ketgan joyi bormi? Yo‘q. Sababi, bozorda talab bor. Pandemiya davrida o‘zimizda narxi qancha ko‘tarilib ketdi, undan tashqari O‘zbekiston limoniga xorijda ham talab katta.

Tayyor mahsulot eksporti bilan shug‘ullanayotgan mutasaddilarning maoshini bonus shaklida qilish kerak. Ya'ni qancha ko‘p natija ko‘rsatsa, shuncha ko‘p maosh olsin. Kerak bo‘lsa, 10 ming dollar olsin, mening hech qarshiligim yo‘q, aksincha faqat xursand bo‘laman. 1 mln so‘m maosh beradigan payt emas hozir bu sohada», – deya davlat rahbarining so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Namanganga tashrifini Yangiqo‘rg‘on tumanidan boshlagan Mirziyoyev BAA kompaniyasi bilan hamkorlikda tashkil etilgan «Sura General Investmens» MChJ agrokompleksi bilan tanishdi.

Prezident bog‘dorchilikda ilm zarurligini ta'kidlab, universitetlar qoshida limonchilik, yong‘oqchilik kabi yo‘nalishlarni chuqur o‘rganish zarurligini qayd etdi.

Mavzuga oid

E`lonlar