Kun.uz'ning «Xorijdagi o‘zbeklar» rukni va Uzbek.Life loyihasining bu galgi mehmoni – Polshada yashab kelayotgan hamyurtimiz Jasur Boboyev. Varshava Vistula akademiyasi doktoranti ushbu akademiyada moliya-buxgalteriya o‘qituvchisi sifatida ishlab kelmoqda.

Asli xorazmlik Jasur Boboyev, 2003–2007 yillarda Toshkentdagi xalqaro Vestminster universitetida, Biznesni boshqarish yo‘nalishida tahsil olgan. Shundan so‘ng ayni universitetda marketing bo‘limida faoliyat yuritgan, shuningdek, Vestminster universitetiga tayyorlanadigan abituriyentlarga ingliz tilidan dars bergan.

Uning xorijdagi sarguzashtlari, o‘zining aytishicha, 2010 yildan boshlangan.

«2007 yilda, Vestminster universitetini tugatgandan keyin 2 yilcha ayni universitet marketing bo‘limida faoliyat olib bordim va bir paytning o‘zida u yerda o‘quvchi yoshlarga Vestminster universitetiga tayyorlov kurslarida ingliz tilidan dars berdim.

2010–2012 yillarda Janubiy Koreyaning Sejong universitetida AQShdagi Sirakuz universiteti (Syracuse University) bilan hamkorlikda ochilgan MBA magistratura bo‘limida tahsil oldim. MBAdagi o‘qishimiz ancha qiziqarli edi. Domlalar asosan AQShlik yoki AQShda ko‘p yillar tahsil olgan koreyaliklar edi.

U yerni 2012 yilda a'lo baholarga tugatdim (GPA 4,25/4,5). Shu yili MBA tugatganlar orasida eng kuchli 10 foizlikka kirganim sababli nufuzli Beta Gamma Sigma jamiyatining doimiy a'zosiga aylandim», – deydi Jasur Boboyev.

— Kimdir mavjud holatdan qoniqmay, kimdir yurt kezib karera qilish, yana kimdir o‘qib-ishlab vatanga qaytish, kimdir esa pul qilish uchun ketganini aytadi. Siz uchun xorijda o‘qish va ishlash nima?

— Universitetda o‘qir va ishlar ekanman, har doim chet elga borib o‘qish va bilim-ko‘nikmalar orttirishni orzu qilardim. Menimcha, hammada, ayniqsa, yoshlar orasida har doim chet elda o‘qish va ishlash bo‘lmasa ham, eng kamida borib ko‘rish orzusi bo‘ladi.

Chet elga chiqishimga asosiy sabab, albatta, chet elda o‘qishga bo‘lgan katta qiziqish edi. Vestminster universitetida chet elda ta'lim olib kelgan va chet ellik ustozlarimiz ko‘p bo‘lardi. Albatta, qo‘shimcha ravishda xorijda iqtisodiy imkoniyatlarning ham ko‘pligi odamning qiziqishini yanada orttiradi.