So‘nggi 4 yil ichida O‘zbekistonda kartoshka narxlarining yuqori o‘zgaruvchanligi kuzatilgan. EastFruit mutaxassislarining fikriga ko‘ra, 2017 yilda ushbu mahsulot narxi 90 foizga o‘sgan.

2020 yil oxirida O‘zbekiston Davlat statistika qo‘mitasi 42 foiz o‘sish kuzatilgani haqida xabar berdi. Bu yillarda mamlakatda inflatsiya tezlashdi, lekin kartoshka narxlarining o‘sish sur'ati umumiy inflatsiya darajasidan ham, oziq-ovqat mahsulotlaridagi inflatsiyadan ham bir necha baravar oshib ketdi.

So‘nggi bir necha yil ichida O‘zbekistonda kartoshka narxi keskin o‘sishiga nima sabab bo‘ldi? EastFruit mutaxassislari ushbu o‘sishning asosiy sabablarini aniqlash uchun so‘nggi yigirma yillikdagi kartoshka ishlab chiqarish, import va iste'mol qilish tendensiyalarini tahlil qildi.

2000 yildan 2020 yilgacha O‘zbekiston aholisi 24,8 million kishidan 34,6 million kishiga ko‘paydi, ya'ni shu davr oralig‘ida umumiy o‘sish 39,3 foizni tashkil etgan. Taqqoslash uchun, ushbu davrda O‘zbekistonda kartoshka yetishtirish hajmi 731,1 ming tonnadan 3,14 million tonnaga ko‘paygan. Umumiy o‘sish 330 foizni yoki 4,3 baravarni tashkil etmoqda.

Bular faqat shu davrdagi o‘zgarishlarni ko‘rsatadigan umumiy xulosaviy ko‘rsatkichlardir. Ushbu davrda aholining o‘sish dinamikasi va O‘zbekistonda kartoshka ishlab chiqarish hajmi sinchkovlik bilan o‘rganib chiqilsa, o‘tgan davr mobaynida narxlar o‘zgarishining bir necha muhim nuqtalarini ko‘rsatish mumkin.

Birinchidan, O‘zbekistonda aholi nafaqat o‘sib bormoqda, balki o‘sish ko‘rsatkichi ham oshib bormoqda. Masalan, 2000 yildan 2006 yilgacha aholining yillik o‘sishi o‘rtacha 1,2 foizni tashkil etgan bo‘lsa, 2007 yildan 2017 yilgacha bo‘lgan keyingi 11 yil ichida aholi sonining yillik o‘sishi o‘rtacha 1,7 foizni tashkil etgan. 2018 yildan 2020 yilgacha bo‘lgan davrda aholi soni o‘rtacha 1,9 foizga ko‘paygan. Boshqacha aytganda, so‘nggi 21 yil ichida aholining o‘sish sur'atlari yiliga o‘rtacha 1,2 foizdan 1,9 foizgacha o‘sgan. Ushbu fakt aholining kundalik iste'molida nondan keyin ikkinchi o‘rinda turadigan mahsulotni iste'mol qilishni prognozlashda juda muhim hisoblanadi.