Politsiya ma'lumotiga ko‘ra, qizlar o‘rmonga olib ketilgan. Bu hodisa juma kuni tongda Zamfara shtatidagi Jangebe shahrida ro‘y bergan.
Nigeriyada qurollangan guruhlar qaytarish evaziga pul olish maqsadida o‘quvchilarni garovga olishi holatlari ro‘y berib turadi.
Prezident Muhammad Buxoriy so‘nggi o‘g‘irlik holatini keskin qoralab, uni «noinsoniy va mutlaqo toqat qilib bo‘lmas hodisa» deb atagan.
«Hukumat katta pul undirish uchun o‘quvchilarga hujum qilgan jangarilarning shantaji ta'siriga tushmaydi. Bizning asosiy maqsadimiz - garovdagilar omon va shikassiz bo‘lishini ta'minlash», degan u.
Prezidentning so‘zlariga ko‘ra, hukumat banditlarga qarshi «katta kuch» tashlashi mumkin, ammo maktab o‘quvchilaridan «jonli qalqon» sifatida foydalanishlari xavfi bor.
O‘tgan haftada Nigerga qo‘shni bo‘lgan shtatda jangarilar 42 kishini, shu jumladan, 27 o‘quvchini o‘g‘irlashgandi. Shu vaqtgacha ular ozod qilinmadi.
2014 yilda «Boko Haram» jangarilari Nigeriya shimoli-sharqida 276 o‘quvchini o‘g‘irlab ketishgandi. Bu radikal guruh zamonaviy ta'limga qarshi bo‘lib, uning a'zolari tez-tez maktablar va boshqa ta'lim muassasalariga hujum qilib turishadi.
Ammo so‘nggi hujumlar oddiy jinoyatchi guruhlar tomonidan amalga oshirilayotgani aytilmoqda.
Bu qanday ro‘y berdi?
Hujum mahalliy vaqt bilan juma kuniga o‘tar kechasi (Grinvich bo‘yicha yarim tun) amalga oshirilgan. O‘qituvchilardan biri mahalliy yangiliklar agentligiga ma'lum qilishicha, qurollangan guruh maktab hududiga pikaplar va mototsikllarda kelishgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, hujum qilganlarning ayrimlari ustida xavfsizlik xizmati xodimlari libosi bo‘lgan.

Boshqa guvohlarning aytishicha, jangarilar piyoda kelishgan, ularning soni yuzdan ortiq bo‘lgan.
«Ular maktab darvozasini buzishdi va qo‘riqchini otib tashlashdi. Keyin yotoqxonaga kirib, qizlarni uyg‘otishdi va ibodat vaqti bo‘lganini aytishdi. Qizlar yig‘lab yuborishdi. Jangarilar ularni o‘rmonga olib ketishdi. Yo‘l bo‘yi ular havoga o‘q uzib ketishdi», degan BBC muxbiri bilan suhbatda guvohlardan biri.
Guvohlarning so‘zlariga ko‘ra, aqldan ozar holatga tushgan ota-onalar maktab yaqinida to‘planishgan, ularning ayrimlari qizlarini izlab jungliga yo‘l olishgan.

















