Jahon | 16:56 / 01.03.2021
5900
2 daqiqa o‘qiladi

Armaniston xavfsizlik kengashi prezidentni qurolli kuchlar bosh shtabi boshlig‘ini ishdan bo‘shatishga chaqirdi

Bayonotga ko‘ra, xavfsizlik kengashi "bosh shtabning siyosiy jarayonlarga aralashishga urinishlarini keskin qoralaydi".

Onik Gasparyan / Foto: mil.am

Armaniston xavfsizlik kengashi mamlakat prezidenti Armen Sarkisyanni bosh vazir Nikol Pashinyanning qurolli kuchlar bosh shtabi boshlig‘i Onik Gasparyanni lavozimidan ozod qilish to‘g‘risidagi taqdimnomasini imzolashga chaqirdi.

"Xavfsizlik kengashi bosh vazirning qurolli kuchlar bosh shtabi boshlig‘ini lavozimidan ozod qilish to‘g‘risidagi taqdimnomasini qanoatlantirish va tegishli farmonni imzolashga chaqiradi", - deyiladi xavfsizlik kengashi bayonotida.

Bayonotga ko‘ra, xavfsizlik kengashi "bosh shtabning siyosiy jarayonlarga aralashishga urinishlarini keskin qoralaydi".

"Konstitutsiya qurolli kuchlarning siyosiy jarayonlarga aralashishini taqiqlaydi", - deya ta'kidlangan xavfsizlik kengashi bayonotida.

Avvalroq Sarkisyan bosh shtab boshlig‘ini lavozimidan ozod qilish to‘g‘risidagi farmonni imzolamagandi.

U hech qaysi siyosiy kuchni qo‘llab-quvvatlamasligini, bosh shtab boshlig‘ini ishdan bo‘shatish to‘g‘risidagi farmon esa konstitutsiyaga zid ekanligini bildirgan.

25 fevral kuni Armaniston qurolli kuchlari bosh shtabi bosh vazir Nikol Pashinyanning iste'fosini talab qilib chiqqandi. Pashinyan bunga javoban, davlat to‘ntarishiga urinish bo‘lganligini aytgan va bosh shtab boshlig‘i Onik Gasparyanni lavozimidan bo‘shatishni so‘rab mamlakat prezidentiga taqdimnoma kiritgandi.

Mavzuga oid