Tergov departamentining ma'lum qilishicha, jinoyat ishini tergov qilish jarayonida Otabek Sattoriy sakkiz nafar fuqaroning sir saqlanishi lozim bo‘lgan ma'lumotlarini oshkor qilish bilan qo‘rqitishda, bu orqali moddiy manfaat ko‘rib kelganlikda, fuqarolarga Telegram, Facebook, YouTube orqali tuhmat qilish, haqorat qilish kabi jinoyatlarni sodir qilganlikda ayblangan.

«Olib borilgan tergov harakatlari natijasiga ko‘ra, Surxondaryo viloyati IIB huzuridagi Tergov boshqarmasi tomonidan 2021 yilning 24 fevral kuni Sattoriy Otabek Abdumanonzodaga Jinoyat kodeksining 165-moddasi 2-qismi “a”,“b” bandlari va 3-qismi “a” bandi (Tovlamachilik), 139-moddasi 3-qismi “a,g” bandlari (Tuhmat) hamda 140-moddasi 3-qismi “a” bandi (Haqorat qilish) bilan avvalgi ayblov to‘ldirilib, shu kuni dastlabki tergov tamomlangan.

Hozirda jinoyat ishi yuzasidan ayblov xulosasini tasdiqlash va tegishli sudlovga oshirish uchun Surxondaryo viloyat prokuraturasiga yuborilgan», deyiladi rasmiy xabarda.

Eslatib o‘tamiz, mahalliy amaldorlarni tanqid qilib kelgan surxondaryolik bloger Otabek Sattoriy 30 yanvar kuni qamoqqa olingan edi. Blogerning hibsga olinishi aks etgan videolar ijtimoiy tarmoqlarda muhokamalar keltirib chiqardi.

Munozaralar ortidan IIV Tergov departamenti bloger Sherobod tumanidagi bozor bozorqo‘mining arizasiga ko‘ra qo‘lga olingani, u tergov organiga Otabek Sattoriy bilan bo‘lgan so‘zlashuvlarni taqdim etganini ma'lum qilgandi. Biroq departament rasmiy munosabatida jinoyat ishini nima uchun Termiz shahar IIB emas, Surxondaryo viloyati IIB huzuridagi Tergov boshqarmasi qo‘zg‘atganiga oydinlik kiritilmagan. Shuningdek, blogerning bozorqo‘mga qo‘ng‘iroq qilib, tarqatib yuborish bilan tahdid qilingani iddao qilingan video aslida tarqatilgani yoki tarqatilmaganiga ham oydinlik kiritilmagan.