Jons Hopkins universiteti ma'lumotiga ko‘ra, Covid-19 pandemiyasi davrida butun dunyoda kasallanganlar soni 115,6 mln kishidan oshdi, qurbonlar soni 2,6 mln.ga yetgan. AQSh hamon bu borada eng yomon ko‘rsatkichlarni qayd etmoqda - 28,8 mln kishi virusdan zararlangan, 520,3 ming kishi halok bo‘lgan.

AQSh prezidenti Jo Bayden majburiy niqob taqish rejimini bekor qilgani uchun Texas va Missisipi shtatlari rasmiylarini «neandertalcha fikrlash»da aybladi. Bu ikki shtat an'anaga ko‘ra respublikachilar taraf hisoblanadi: bu shtatlarda gubernatorlar Respublikachilar partiyasidan, elektorat ham «qizillar» uchun ovoz beradi. Noyabrdagi saylovlarda bu shtatlar Donald Tramp uchun ovoz bergandi.

Bayden gubernatorlarning qarorini xato deb atadi. Uning so‘zlariga ko‘ra, vaksinatsiya kampaniyasi shitob bilan olib borilayotgan bo‘lsa-da, hali ham qat'iy choralarga zarurat saqlanib qolmoqda.

Texas va Missisipi barcha sohalardagi biznes faoliyatiga ham ruxsat berib yuborgan. Respublikachilar ustunlik qiladigan boshqa qator shtatlarda ham ayrim cheklovlar bekor qilinmoqda.

Vaksina uchun jang: Italiya pretsedent yaratdi
Italiya hukumati Avstraliyaga yetkazib berilishi mo‘ljallangan AstraZeneca vaksinalari partiyasini to‘xtatdi. Gap Italiyadagi zavodlardan birida tayyorlangan 250 ming doza miqdoridagi AstraZeneca vaksinasi haqida ketmoqda.

Shu tariqa, Italiya YeI davlatlari orasida tegishli chorani qo‘llagan ilk davlat bo‘ldi - Yevropa Ittifoqida agar ishlab chiqaruvchi yevropalik buyurtmachilarning oldidagi majburiyatlarini bajara olmagan taqdirda, ushbu vaksina ishlab chiqaruvchisining mahsulotlari YeIdan tashqariga eksport qilinishini to‘sib qo‘yishga ruxsat berilgan.

Avstraliya hukumati bitta partiyani yo‘qotish vaksinatsiya kampaniyasiga jiddiy ta'sir ko‘rsatmasligini bildirgan, shu bilan birga, bu vaziyatda Italiyani qo‘llab-quvvatlayotgan Yevrokomissiyadan bu qarorni qayta ko‘rib chiqishni so‘ragan.

Mart oyi oxirigacha AstraZeneca Yevroittifoqqa 2021 yilning birinchi choragi uchun kelishilgan miqdorning atigi 40 foizini yetkazib bera olishi mumkin. Bu kabi uzilishlar Pfizer vaksinasini yetkazib berishda ham kuzatilmoqda.

Yevrokomissiya tomonidan ishlab chiqilgan emlash dasturi yomon tashkillashtirilgani va muddatlarda kechikilayotgani uchun tanqidga uchramoqda. Rasmiy Bryussel esa bunda yetkazib beruvchilar o‘z majburiyatlarini bajarmayotganini sabab qilib keltirmoqda.