O‘zbekiston | 13:17 / 09.03.2021
2226
2 daqiqa o‘qiladi

Farg‘onada Turkiya bilan hamkorlikda oliy turizm maktabi tashkil etiladi

2021 yilning 9 mart kuni Toshkent shahrida O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilovning Turkiya tashqi ishlar vaziri Mavlud Chavusho‘g‘li bilan uchrashuvi hamda ikki mamlakat TIV rahbarlari boshchiligida Strategik rejalashtirish guruhining ikkinchi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Tashqi ishlar vazirligi xabariga ko‘ra, muzokaralar chog‘ida siyosiy, savdo-iqtisodiy, transport-kommunikatsiya, investitsiya, turizm, madaniy-gumanitar va boshqa sohalardagi ikki tomonlama munosabatlar holati va rivojlanish istiqbollari muhokama qilindi.

Tomonlar 2020 yil fevral oyida Anqara shahrida bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘anning uchrashuv va muzokaralari chog‘ida erishilgan kelishuvlar amalga oshayotganini qayd etdi.

Bo‘lajak qo‘shma tadbirlarga, xususan, oliy darajadagi O‘zbekiston-Turkiya strategik hamkorlik kengashi ikkinchi yig‘ilishiga tayyorgarlikning tashkiliy masalalari ko‘rib chiqildi.

Parlamentlararo muloqotni mustahkamlash, ikki tomonlama munosabatlar huquqiy asoslarini takomillashtirish va hududlararo hamkorlikni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha fikr almashildi.

BMT, Islom hamkorlik tashkiloti, Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashi, Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti va boshqa ko‘p tomonlama tuzilmalar doirasidagi aloqalarni yanada faollashtirishdan ikki tomon manfaatdor ekani ma'lum qilindi.

Ilmiy-ta'lim sohasidagi sheriklikni kengaytirish masalalariga, jumladan, O‘zbekistonda Baxcheshehir universiteti filialini ochish, shuningdek Xo‘ja Bayram Vali nomidagi universitet bilan birgalikda Farg‘ona oliy turizm maktabini tashkil etish masalalariga alohida e'tibor qaratildi.

Turkiya tomoni «Markaziy va Janubiy Osiyo: mintaqaviy bog‘liqlik. Tahdidlar va imkoniyatlar» mavzusidagi xalqaro konferensiya, «Sharq taronalari», baxshichilik san'ati, hunarmandlar xalqaro festivallari va boshqa tadbirlarga taklif qilindi.

Strategik rejalashtirish guruhi yig‘ilishi yakunlangach, ikki mamlakat tashqi siyosiy idoralari rahbarlari O‘zbekiston va Turkiya Tashqi ishlar vazirliklari o‘rtasida 2022-2023 yillarga mo‘ljallangan hamkorlik dasturi va Tarjima xizmatlari sohasida o‘zaro anglashuv memorandumini imzoladi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid