– Ayni paytda o‘qituvchilar malakasini oshirish tizimida qanday yangiliklar bo‘lyapti, nimalar o‘zgarmoqda?

– Hozirgi tezkor zamonamizda ta'limda ham har kuni qandaydir yangiliklar yuz bermoqda, kecha samarali hisoblangan o‘qitish metodlari bugungi talablarga javob berolmay qolishi mumkin. Qaysi o‘quv fanini olmaylik, uni o‘qitishga doir ma'lumotlar oy sayin yangilab borilmoqda. Tabiiyki, bunday jadal o‘zgarib borayotgan ta'limning asosiy sub'yekti – o‘qituvchi ham o‘z bilim, ko‘nikma va malakalarini mos ravishda rivojlantirib borishi lozim.

Malaka oshirish sohasini tubdan yangilash bo‘yicha davlat rahbarining «Xalq ta'limi sohasidagi ilmiy-tadqiqot faoliyatini qo‘llab-quvvatlash hamda uzluksiz kasbiy rivojlantirish tizimini joriy qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi PQ-4963-son qarori bilan sohada yangi tartib joriy etilmoqda. Ya'ni amaldagi tartibga muvofiq, xalq ta'limi xodimlari, shu jumladan, o‘qituvchilar har 5 yilda bir marta – bir oylik malaka oshirish kursiga jalb qilinadi. Endi ular 5 yilda bir marta emas, balki har yili, iloji bo‘lsa – har kuni o‘z malaka saviyasini takomillashtirib borishi mumkin bo‘ladi.

Shuning uchun xalq ta'limi xodimlarining har yili malaka oshirishlarini nazarda tutuvchi «hayot davomidagi uzluksiz kasbiy rivojlanish ta'limi» joriy etilmoqda. Avvalgi tartibga ko‘ra har yili o‘qituvchilarning faqat 20 foizi malaka oshirishga jalb qilingan bo‘lsa, yangi tartibga ko‘ra o‘qituvchilar 100 foiz tarkibda har yili malaka oshiradi. Ilgari 5 yilda bir marta 144 soat malaka oshirish kurslarida o‘qilsa, yangi tartibga ko‘ra o‘qituvchilar har yili, kamida 36 soatlik o‘qishlarga jalb qilinadi.

Aytish joizki, endi xalq ta'limi xodimlari faqat Xalq ta'limi vazirligi tasarrufidagi malaka oshirish muassasalarida emas, balki o‘z ixtiyorlariga ko‘ra, hududlarda joylashgan istalgan oliy ta'lim muassasasi yoki nodavlat ta'lim tashkilotlarida o‘z malakalarini oshirishi mumkin. Bu malaka oshirishlar mutlaqo bepul va elektron platforma orqali amalga oshiriladi. Ya'ni o‘qituvchi o‘zi istagan vaqtda, istalgan hududda o‘qish imkoniyati yaratiladi.

Mana, joriy yilning 1 mart sanasidan boshlab, tuman xalq ta'limi bo‘limlari fan metodistlarining Abdulla Avloniy nomidagi ilmiy-tadqiqot institutining «Uzluksiz kasbiy ta'lim» elektron platformasi orqali malaka oshirishi yo‘lga qo‘yildi. Bunday imkoniyat iyun oyidan umumta'lim maktab direktorlari uchun ham yaratiladi.

– Yangi tizim orqali oraliq test hamda malaka ishi himoyasidan voz kechilishini aytdingiz. Yakuniy testdan o‘ta olmagan tinglovchilar uchun qayta topshirish cheklovlarsiz amalga oshirilar ekan. Masalan, ma'lum bir muddat qo‘yiladimi?