15:21 / 12.03.2021
12817

Prezident Qirg‘iziston bilan yangi qo‘shma loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi

Davlat rahbarlari sanoat mahsulotlari ko‘rgazmasi bilan tanishdi.

Qirg‘iz Respublikasi prezidenti Sadir Japarov O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev hamrohligida Toshkent shahridagi texnoparkka tashrif buyurdi.

Ushbu zamonaviy majmua davlatimiz rahbarining 2019 yil 1 maydagi “Sanoat kooperatsiyasini yanada rivojlantirish va talab yuqori bo‘lgan mahsulotlar ishlab chiqarishni kengaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori asosida tashkil etilgan. Bu yerda umumiy qiymati 365 million dollarlik 17ta loyiha amalga oshirilmoqda.

Qirg‘iziston Prezidentiga texnoparkdagi korxonalarda ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar - maishiy texnikalar, elektron gaz hisoblagichlar, liftlar, suv nasoslari, sanoat konditsionerlari va sovitish tarmoqlari haqida ma'lumot berildi.

Davlat rahbarlari O‘zbekistonning sanoat, qishloq xo‘jaligi va hunarmandchilik mahsulotlari ko‘rgazmasi bilan tanishdi. Ko‘rgazmaga 24ta tarmoq va 14 hududda ishlab chiqarilayotgan mingdan ortiq mahsulotlar qo‘yilgan.

Prezident Shavkat Mirziyoyev Qirg‘izistonda ham kerakli salohiyat borligi, uni yuzaga chiqarish uchun O‘zbekiston kooperatsiyalar tashkil etish va tajriba almashishga tayyor ekanini ta'kidladi. Tarmoq rahbarlariga Qirg‘izistondagi turdosh muassasalar bilan yaqindan ishlab, qo‘shma loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi.

O‘zbekiston xalqi nomidan Qirg‘iziston xalqiga yurtimizda ishlab chiqarilayotgan tez tibbiy yordam mashinalari sovg‘a qilindi. Sadir Japarov qardoshlik va yaxshi qo‘shnichilik munosabatlari, doimiy ko‘magi va qo‘llab-quvvatlashi uchun minnatdorlik bildirdi.

«Mamlakatimizning sanoat salohiyati, mahsulotlarning keng assortimenti va sifati mehmonlarda katta taassurot qoldirdi», deyiladi O‘zbekiston prezidenti matbuot xizmati xabarida.

Top