O‘zbekiston | 18:44 / 13.03.2021
45874
3 daqiqa o‘qiladi

«Arzon sovg‘a bergani uchun» talabaga po‘pisa qilgan o‘qituvchi Buxoro davlat universitetida ishlashi tasdiqlandi

Buxoro davlat universiteti o‘qituvchisi 8 mart bayramida o‘ziga 300 ming so‘mlik «juda arzon» sovg‘a bergan talabaga po‘pisa qilgani haqida xabar berilgandi. Buxoro davlat universiteti bu masalaga munosabat bildirdi.

«Buxoro davlat universiteti jamoasi jamiyatda o‘qituvchi kasbining ijtimoiy mavqeyini ko‘tarish, fan va ta'limni har tomonlama rivojlantirish borasida davlatimizda olib borilayotgan siyosatni har tomonlama qo‘llab-quvvatlaydi va qadrlaydi», deb boshlanadi Kun.uz'ga taqdim etilgan munosabat matnida.

«Hozirgi vaqtda universitetga yangi ishga qabul qilinayotgan barcha talabgorlar orasidan eng munosib, halol va kasbiga sadoqatlilarni saralab olish maqsadida jamoatchilik kengashi o‘z faoliyatini olib bormoqda. Talabalar bilimini baholashda inson omilini keskin qisqartirish, baholash jarayonining shaffofligini ta'minlash maqsadida yakuniy nazoratlarni kompyuterda test shaklida olish amaliyoti yo‘lga qo‘yilgan.

Universitet rahbariyati va talabalar o‘rtasidagi bevosita muloqotni faollashtirish uchun haftada ikki marotaba rektor tomonidan qabul kunlari tashkil qilingan. Shu bilan birga, talabalar sonining ko‘pligini inobatga olgan holda rektorning Telegramda murojaatlar boti, korrupsiyaga qarshi kurashish borasidagi «anticorbot» Telegram botlari faoliyat yuritmoqda. Talabalardan kelib tushgan murojaatlar asosida birgina fevral-mart oyida 2 nafar o‘qituvchiga intizomiy jazo choralari qo‘llanilib, fakultetlardagi ijtimoiy-ma'naviy muhit muntazam tahlil qilib kelinmoqda», deyiladi munosabatda.

Qo‘shimcha qilinishicha, avval bloger Umid G‘ofurovning Telegram kanali va so‘ngra Kun.uz saytida e'lon qilingan xabar yuzasidan o‘sha kunning o‘zida universitet rektorining buyrug‘i qabul qilinib, ishchi guruh tuzilgan.

«Ishchi guruh a'zolari tomonidan bugungi kunda o‘rganish ishlari olib borilmoqda. Xususan talabalar o‘rtasida so‘rovnomalar olinib, fakultetda bu yo‘nalishda amalga oshirilgan choralar chuqur tahlil qilinmoqda. O‘rganish natijalari bo‘yicha o‘qituvchi va mas'ul bo‘lgan xodimlarning xatti-harakatiga albatta qonun doirasida huquqiy baho beriladi. Buxoro davlat universiteti rahbariyati mazkur holat haqida xabar bergan talabalarga o‘z minnatdorchiligini bildiradi va keyingi davrda ham mazkur masalalar bo‘yicha hamkorlik qilishga tayyor ekanligini ta'kidlaydi», deyiladi munosabatda.

Eslatib o‘tamiz, Buxoro davlat universitetining Maktabgacha va boshlang‘ich ta'lim fakulteti talabalari o‘z guruh rahbarlari (kuratori)ga 8 mart munosabati bilan guldasta va 200 ming so‘m pul sovg‘a qilgan. Ushbu sovg‘ani past qiymatli deya baholagan o‘qituvchi talabasiga Telegram orqali tahdidli gaplar yozib, sovg‘ani qaytarib berishini aytgan.

Kun.uz muxbirining aniqlashicha, talabaga arzon sovg‘a bergani uchun po‘pisa qilgan va o‘zining «qishloqi emasligini eslatgan» 40 yoshli o‘qituvchining mutaxassisligi – fizika-matematika. Bu o‘qituvchi rus va ingliz tillarida gaplasha olishi ma'lum.

Mavzuga oid