Jahon | 01:45 / 13.03.2021
9320
3 daqiqa o‘qiladi

Tanzaniyaning koronavirusga ishonmagan prezidenti ko‘zdan g‘oyib bo‘ldi. U koronavirusga chalingani aytilmoqda

Foto: Reuters

Tanzaniya prezidenti Jon Magufuli 3 haftadan beri omma oldida ko‘rinish bermayapti. Tanzaniya muxolifati yetakchisi Tundi Lisuning ta'kidlashicha, 61 yoshli davlat rahbari koronavirusga chalinib, yuragidagi muammolar bilan og‘ir ahvolda Keniyadagi shifoxonaga yotqizilgan.  

The Financial Times nashrining xabar berishicha, boshqa ma'lumotlarga ko‘ra, koronavirus borligini inkor qilib kelgan Magufuli Hindistonga olib ketilgan va o‘lim to‘shagida yotibdi. 

Biroq Tanzaniya rasmiylari davlat rahbari g‘oyib bo‘lgani va mamlakatda epidemiya borligini inkor etishmoqda. Jumladan, huquqiy munosabatlar vaziri Mvigulu Nchemba prezident “har doim efirda bo‘lishi kerak bo‘lgan teleboshlovchi kabi” omma oldida muntazam ko‘rinishga majburmasligini aytgan. 

Avvalroq Keniyaning Nation nashri “Afrika davlatlaridan birining yetakchisi” koronavirusga chalingani sababli Nayrobidagi shifoxonaga yotqizilgani va hozirda o‘pkani sun'iy shamollatuvchi qurilmaga ulangani haqida maqola e'lon qilgan. Biroq nashr uning kimligini ma'lum qilmagan. Ammo maqolada qo‘shni Tanzaniya haqida so‘z borgan.

Magufuli oxirgi marta 24 fevraldagi ommaviy tadbirda ishtirok etib, Dar-us-Salomdagi tijorat markaziga tashrif buyurgan va u yerda anjumanda ishtirok etgan. Tanzaniya rahbari 27 fevralda Sharqiy Afrika hamjamiyati davlatlari yetakchilarining onlayn sammitida ishtirok etishi kerak bo‘lgan. Biroq u sammitda ko‘rinish bermagan va tadbirda uning o‘rniga vitse-prezident Samiya Hasan Suluxu qatnashgan.

Fevralda Tanzaniya prezidenti o‘z hamyurtlarini “kasalliklardan forig‘ bo‘lish uchun” 3 kun ibodat qilishga chaqirgan. “Tanzaniyaliklardan parokandalik vaziyatida Tangriga ibodat qilishni davom ettirishni so‘rayman. Uch kun ibodat qilsak, ishonamanki, biz g‘olib bo‘lamiz”, deb aytgan Magufuli, biroq o‘z chaqirig‘ida koronavirus pandemiyasi haqida so‘z ochmagan. U, shuningdek, “lokdaun e'lon qilmoqchi emasligini, chunki Tangrining o‘zi himoyalashini” aytgan. 

JSST ma'lumotlariga ko‘ra, Tanzaniya 2020 yil mayidan buyon koronavirus bo‘yicha ma'lumot bermay qo‘ygan. Oxirgi ma'lumotlarga ko‘ra, mamlakatda koronavirusdan 509ta kasallanish holati, 21ta o‘lim holati qayd qilingan. 

Tanzaniya sog‘liqni saqlash vaziri koronavirusga qarshi vaksinalarni olishni rad etgan. Tanzaniyadan tashqari, Afrikaning 62ta davlatidan Burundi, Eritreya va Madagaskar hukumati ham Covax dasturi bo‘yicha bepul vaksina olishdan bosh tortgan.

Jon Magufuli Tanzaniyaga 2015 yil noyabrdan beri rahbarlik qilib keladi. 2020 yilgi prezidentlik saylovlarida g‘alaba qozonib, ikkinchi muddatga qayta saylangan va 2025 yilgacha Tanzaniya prezidenti lavozimini egallaydi.

Mavzuga oid