Superliga 2-turi doirasidagi «So‘g‘diyona» - «Turon» (1:0) uchrashuvida bosh hakam Viktor Serazetdinov qo‘pol xatoga yo‘l qo‘ydi. To‘p mehmonlar himoyachisining yuziga tekkaniga qaramay, hakam vaziyatni qo‘l bilan o‘ynash deb baholab, Jizzax klubi foydasiga penalti belgiladi. Yakunda ushbu vaziyat «Turon»ning mag‘lubiyati bilan tugadi.

O‘yindan keyin jurnalistlar bilan intervyuda vodiyliklar bosh murabbiyi Islombek Ismoilov o‘zbek futbolidagi hakamlarning qing‘ir ishlari haqida asabiy ruhda gapirdi. Championat.asia sayti matbuot anjumanidan videoni e'lon qildi.

«Avvalo, «So‘g‘diyona» jamoasini g‘alaba bilan tabriklayman. O‘yinga keladigan bo‘lsak, endi nima «Turon»ni aybi Superligaga chiqqanimi? Yoki hakamlarga pul bilan chiqmayotganimi? Bu narsani o‘tgan ikki o‘yinimizdan buyon umuman tushunib bo‘lmayapti. Bugungi vaziyatda to‘p futbolchining boshiga tekkanini butun dunyo, butun O‘zbekiston ko‘rib turibdi, hakam esa to‘p futbolchini boshiga tekkaniga penalti belgilayapti. 

Mana hozir o‘sha hakam kiyinish xonasiga kirsin, futbolchilar yig‘lab o‘tiribdi. Bularga qachon chora ko‘riladi? Qachongacha bunga chidash mumkin? Tozalaymiz deyishyapti, shumi tozalashayotgani?! Kelib ko‘mib ketmoqda. Ikkita turdan buyon umuman futbol yo‘q, faqat hushtak chalish bilan o‘yin o‘tmoqda. 70-80 nafar odam oilasini boqaman, deb tinim bilmayapti. Bular esa qachongacha shunday ishlashadi? Uchta odam maydonda jamoani «kallasini olib tashlayapti». O‘zbekistonda shumi adolat? Qani bu yerda adolat? Qachongacha korrupsiyaga qarshi kurashish mumkin. Halol o‘yna deyishdi hammaga, biz halol o‘ynayapmiz, hakamlarga chiqayotganimiz yo‘q, mana ahvol! Pul bilan chiqmasangiz kallangizni olib tashlaydi! Kim chora ko‘radi bularga?

Mayli, butun umrga futboldan chetlatishsa chetlatishsin! Lekin kimdir oxirigacha kurashishi, oxirigacha borishi kerak. Raqib futbolchisini qo‘liga ikki bor to‘p tegdi. Hakam esa unga indamay, butun o‘yin davomida darvozamiz oldini poylab o‘tirdi. O‘yinni boshidan beri 5ta sariq kartochka berildi. Undan ko‘ra, o‘yindan oldin kelib, «bugun kallangni olib tashlayman», desin ovora bo‘lib chiqmaymiz. Mayli, yosh murabbiyman, ko‘chadan ish topib olaman. Ammo jamoa nima qiladi? Jamoa g‘alaba qozonsa, mukofot puli olaman, oilamga olib boraman, deb kutib yashamoqda. Hamma og‘zida gapiradi, amalda esa hech narsa yo‘q. 

Hakam o‘ynashga qo‘yib berdimi, deb savol bering avval. Bu qanday futbol? Bunday ahvolda futbol haqida qanday gapirish mumkin? Hakam sizga o‘yin bermasa, qanday o‘ynash kerak? Qani futbol?», - deya qattiq ohangda gapirdi «Turon» bosh murabbiyi Islombek Ismoilov.

Ma'lumot uchun, bu bahsdan keyin «Turon» Superligada so‘nggi o‘ringa tushdi, «So‘g‘diyona» esa 6 ochko bilan Superliga peshqadami bo‘lib oldi.