«Nasaf» va «Paxtakor» o‘rtasidagi har qanday turnirni bezashi mumkin bo‘lgan ajoyib uchrashuvdan boshlangan chempionatimiz, 2-turda janjal bilan davom etdi. «So‘g‘diyona» – «Turon» o‘rtasidagi bahsda hakam nohaq penalti belgiladi va bu uchrashuv taqdirini hal qildi. O‘yindan keyin esa mehmonlar bosh murabbiyi Islom Ismoilov o‘zini tutib tura olmadi, jamoasi ishtirok etgan o‘yindagi hakamliklar haqidagi fikrlarini ochiq, dadil va biroz qo‘pol tarzda bayon qildi. Albatta, buning davomi bo‘ladi.
Eng ahamiyatli nuqta shu – bu voqeaning davomi va oqibatlari. Hakamlarning qo‘pol xatolari butun dunyoda, hatto VAR yordami bilan ham sodir bo‘lmoqda, hatto Ligalar o‘yindan keyin bu xatolarni tan olgan holatlar bor. Murabbiylarning quyushqondan chiqishlari, noto‘g‘ri so‘zlar ishlatishlari ham bo‘lib turadi, odatda murabbiylar bir necha o‘yinga diskvalifikatsiya va jarima bilan qutuladilar.
«So‘g‘diyona» – «Turon» uchrashuvi va undan keyingi holatlarga baho berish qay tariqa amalga oshiriladi va uning oqibatlari uchun PFL javobgar bo‘la oladimi, barcha masala shunda. Nima demoqchiman?
Birinchi voqea – hakamning qo‘pol xatosi. Ikkinchi voqea – Ismoilovning o‘yindan keyingi fikrlari.
Hakamning xatosi ataylab yoki texnik insoniy faktor, ya'ni shunchaki, vaziyatni ko‘rmay qolgani tufayli ro‘y berishi mumkin. Shaxsiy fikrimcha, hakam xuddi penalti berishni juda istagandek, shoshilinch tarzda, xuddi to‘p qo‘lga tekkanini aniq-tiniq ko‘rgandek qaror chiqargani biroz g‘alati bo‘ldi. Ammo bu mening fikrim, PFL bu vaziyat bo‘yicha hakamning hisobotini va hakamlar qo‘mitasining tahlilini tinglashi kerak. Har qanday holatda ham bu tarzdagi qo‘pol xatolar kamida hakamning yetarlicha malakali emasligini ko‘rsatadi. Bu tushunarli.

Endi Ismoilovning gaplariga kelamiz. Murabbiy ancha emotsional holatda bo‘lganini ham e'tiborga olamiz, lekin u hakamning malakasi haqida emas, ataylab penalti belgilaganini iddao qildi, «o‘yin davomida vaziyat poyladi», «pul bermaganimiz uchun kallamizni olishdi» qabilidagi so‘zlarni ishlatdi. Bu juda jiddiy ayblov va shunday qolmasligi kerak. PFLmi, Etika qo‘mitasimi, Tartib-intizom qo‘mitasimi, kim bo‘lsayam, Ismoilovdan izoh talab qilishi kerak?
Xo‘sh, murabbiy jahl ustida hakamni korrupsiyada aybladimi? Yoki rostan ham parda orqasida nimadirlar ro‘y berganmi? Aytilgan fikrlar borasida murabbiyning va klubning rasmiy shikoyati yoki fikri olinishi va shu asosda vaziyat to‘liq va xolis o‘rganilishi kerak.

















